O‘zbekistonda “Shaffof qurilish” joriy qilinadi – Prezident qarori
Jamiyat
−
21 Sentabr 2019
8981O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishing.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda shahar va qishloq aholi punktlarida zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantirish, qurilishni jadallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi va qurilish sohasida davlat boshqaruvining samarali mexanizmlari joriy etildi.
Shu bilan birga, tahlillar natijalari qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlashda bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan, manfaatdor shaxslar va jamoatchilik qurilish ishlari borishini kuzatish imkoniyatiga ega emas, mablag‘lardan noto‘g‘ri foydalanish, ob’ektlarni o‘z vaqtida topshirmaslik, qurilishda past sifatli materiallardan foydalanish, qurilish ishlariga sohaning mutaxassisi bo‘lmagan xodimlarni jalb qilish qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishiga olib kelmoqda, respublika byudjeti mablag‘lari, maqsadli jamg‘armalar va buyurtmachilarning ortiqcha xarajatlariga sabab bo‘lmoqda.
Qurilish vazirligi moddiy-texnik bazasining talab darajasida emasligi qurilish sohasidagi davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilishiga, joylardagi qurilish boshqarmalari va bo‘linmalarining faoliyatini samarali tashkil etishga to‘sqinlik qilmoqda.
Qurilish sohasida korrupsiya va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qurilish jarayonlarining barcha bosqichida jamoatchilik uchun shaffoflikni ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qurilish vazirligining:
• Qurilish vazirligi faoliyatiga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini joriy etish va uni 2020 yil 1 iyunga qadar Toshkent viloyatida markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalaridan, shu jumladan, investitsiya loyihalari hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlar (keyingi o‘rinlarda – ob’ektlar) qurilishi jarayonida tajriba tariqasida ishga tushirish;
• tajriba natijalariga asosan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini 2021 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasining butun hududida real vaqt rejimida ishlashini ta’minlash;
b) O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2020 yil 1 martga qadar davlat shaharsozlik kadastrini yuritish hamda shaharsozlik hujjatlari va ma’lumotlarini jamoatchilikka onlayn rejimda taqdim etish imkonini beruvchi “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal)ni ishlab chiqish va test rejimida ishga tushirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Quyidagilar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining asosiy vazifalari etib belgilansin:
• ob’ektlarning manzilli dasturi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan ob’ektlarning yillik manzilli ro‘yxati shakllantirilishini, ma’lumotlar bazasini yangi qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ob’ektlari bo‘yicha turlarga bo‘lib yuritilishini ta’minlash;
• ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda hududiy yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari tomonidan loyihaoldi ishlarining amalga oshirilishi, buyurtmachi bilan loyiha tashkiloti o‘rtasida shartnoma tuzilishi va avans mablag‘lari ajratilishi hamda ishlar tugallanganligi to‘g‘risidagi aniq va ishonchli ma’lumotlarning muntazam elektron bazaga kiritib borilishi va yuritilishini ta’minlash;
• loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda buyurtmachi va ekspertiza tashkiloti o‘rtasida tuzilgan shartnomalar, ko‘rsatilgan xizmatlarning moliyalashtirilganligi, tugallangan loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizadan o‘tkazilganligiga oid elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
• ob’ektlar qurilishini moliyalashtirishda pudratchi bilan buyurtmachi o‘rtasida shartnoma imzolanganligi va avans mablag‘lari to‘langanligi, oyma-oy bajarilgan ishlarning hisobotini yuritish va bajarilgan ishlarga nisbatan mutanosib ravishda moliyalashtirilganligi to‘g‘risidagi aniq va ishonchli ma’lumotlarning elektron bazasini shakllantirish;
• ob’ektlar qurilishida ishtirok etayotgan barcha pudratchilar va yordamchi pudratchilar haqida ma’lumotlarni yig‘ish, bajarilgan ish hajmlari asosida to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ish turlari bo‘yicha ma’lumotlar bazalarini shakllantirish;
• ob’ektlarda qurilish jarayonlarini nazorat va monitoring qilishda ularni ro‘yxatga olish, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tekshiruvlarini va ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni qayd etish, ularni bartaraf etish bo‘yicha ma’lumotlar bazalarini shakllantirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:
• manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi hamda “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal)dan foydalanish reglamenti loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
• 2020 yil 1 yanvarga qadar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha konsepsiya va texnik topshiriq ishlab chiqsin;
• “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi va “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal)ning belgilangan muddatlarda ishga tushirilishini ta’minlasin;
• “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini idoralararo axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal) bilan integratsiyalash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.
4. Qurilish sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiluvchi axborot tizimlari joriy etilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va unga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
• qurilish sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishini tashkil etish va nazorat qilish;
• O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirishga qaratilgan samarali “ijro etilishi yuzasidan nazorat” (compliance control) tizimi joriy etilishini ta’minlash;
• qurilish sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda shaharsozlik normalari va qoidalari loyihalarida korrupsiyaga oid holatlarni keltirib chiqaruvchi normalarni aniqlash bo‘yicha korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazilishini tashkil etish;
• “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi hamda “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal)ni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha tadbirlar rejalari tasdiqlanishini ta’minlash, mazkur tizimlarni belgilangan muddatlarda ishga tushirilishini nazorat qilish;
• qurilish sohasiga axborot tizimlarini joriy etish orqali korrupsiya, byurokratik to‘siqlar va tizimli muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
• qurilish sohasining shaffofligini ta’minlash maqsadida qurilish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishini tashkil etish va ularning belgilangan muddatlarda ijro etilishini monitoring qilish;
• qurilish sohasiga axborot tizimlarini joriy etishda mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini ta’minlash;
• joriy etilayotgan axborot tizimlarining joylarda samarali ishlashini va qo‘llanilishining yagona amaliyotini ta’minlash;
• qurilish sohasiga axborot texnologiyalarining joriy etilishi, shu jumladan, ularning korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olishga ta’siri bo‘yicha ma’lumotlarning keng ommaga yetkazilishini tashkil etish.
Komissiya faoliyat natijalari, shu jumladan, axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorak yakunlariga ko‘ra axborot kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining davlat muassasasi shaklidagi Qurilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
• avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, axborot resurslari va ma’lumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, qurilish sohasida axborot xavfsizligini ta’minlash;
• “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini yuritish va qo‘llab-quvvatlash;
• O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va zarur dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish;
• markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalaridan, shu jumladan, investitsiya loyihalari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarda qurilish jarayonini monitoring qilishni yo‘lga qo‘yish;
• O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini yangilab borish choralarini ko‘rish, ularning boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash;
• O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi axborot xavfsizligiga tahdidlarni o‘z vaqtida aniqlash va unga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishining nazoratini va monitoringini amalga oshirish, axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarida axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha texnik infratuzilmani joriy etish va rivojlantirish;
• axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalaridan foydalanish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash yuzasidan qurilish sohasida ishtirok etuvchi idoralar xodimlarining bilim va ko‘nikmasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
• turli axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarida axborot xavfsizligini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi yagona serverini tashkil qilish, yuritish va rivojlantirish.
6. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
• O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
• asosiy faoliyatdan olingan daromadlar;
• xalqaro moliya institutlari grantlari;
• yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
• qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Shunday tartib belgilansinki, unga ko‘ra 2020 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlari va shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturlari doirasida jami qurilish xarajatlarining 0,05 foizi miqdoridagi mablag‘lar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash uchun ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha smeta xarajatlarida nazarda tutiladi hamda buyurtmachilar tomonidan Markaz hisob raqamiga o‘tkaziladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun xarid qilinadigan kompyuter texnikasi, server qurilmalari, kommunikatsiya uskunalari va dasturiy ta’minot ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
9. Davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda davlat tashkilotlari rahbarlari o‘zlarining idoraviy axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga integratsiya qilishni va real vaqt rejimida uzluksiz ishlashini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi shaharsozlik normalari va qoidalaridagi buyurtmachining boshqa xarajatlari tasnifiga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining asosiy vazifalarini bajarish hamda ob’ektlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha monitoring olib borish yuzasidan belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Qurilish vazirligining 2020 yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasidagi sarf xarajatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablag‘lar ajratsin va 2020 yildan boshlab har yili zarur byudjet mablag‘larini nazarda tutsin;
2020-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan Qurilish vazirligiga mablag‘lar ajratilishi jarayonida 2-ilovaga muvofiq axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yangilash uchun zarur uskunalarni xarid qilishni e’tiborga olsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2019 yil 20 sentyabr
LiveBarchasi