O‘zbekistonda parlament saylovi majoritar tizimda o‘tkaziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda parlament, viloyat, shahar va tuman kengashlariga saylovlar joriy yilning 22 dekabr kuni o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

MSK ayrim OAVlarda tarqalgan, saylov jarayonlari avvalgi saylovlardagidek proporsional tizimda o‘tkazilishi haqidagi xabarlarni rad etdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda saylov jarayonlari proporsional tizimda emas, balki majoritar saylov tizimida o‘tkaziladi. Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkaziladi.

Saylov Kodeksining 36-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanganligi ularning vakolatlari muddati tugashidan kamida uch oy oldin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga binoan e’lon qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilish borasida ommaviy axborot vositalarini oldindan xabardor qiladi.

Ma’lumot uchun, ayni vaqtda O‘zbekistonda quyidagi partiyalar ro‘yxatdan o‘tgan: Xalq demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Ekologiya partiyasi.


Maqola muallifi

Teglar

saylov

Baholaganlar

79

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made