O‘zbekistonda reklamalardagi davlat tili talablari bo‘yicha 4,5 mingdan ortiq kamchilik aniqlandi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda reklama va tashqi yozuvlarni davlat tili talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringlarda 4 496 ta kamchilik aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning boshidan buyon respublika hududlarida jami 16 057 ta monitoring o‘tkazilgan. Aniqlangan kamchiliklarning 2 344 tasi peshlavha, tashqi yozuv va boshqa e’lonlar matnining xorijiy tillarda berilgani bilan bog‘liq. Yana 975 ta holatda tashqi reklama matnlari boshqa tillarda joylashtirilgani aniqlangan.

Shuningdek, peshlavha, tashqi yozuv va e’lonlarda 841 ta, tashqi reklama vositalarida esa 336 ta holatda so‘zlarning ma’nosi buzilgani va imloviy xatolarga yo‘l qo‘yilgani qayd etilgan.

Qo‘mita aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rgan va reklama hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlagan.

O‘rganishlar davomida go‘zallik salonlari, avtoservislar va qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga reklama joylashtirishda qonunchilik talablariga amal qilish bo‘yicha tushuntirishlar ham berilgan.

Ma’lumot uchun, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatilishi kerak. Reklama mazmuni belgilangan talablar asosida boshqa tillarda ham takrorlanishi mumkin. Bunda qonuniy tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar va xizmat ko‘rsatish belgilarining asl shakli hamda tilini saqlash talablari ham inobatga olinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda reklama talablarini buzgan 20 dan ortiq kanal va guruh adminlari, bloger, vayner hamda boshqa tarmoq faollariga nisbatan chora ko‘rilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing