O‘zbekistonda “regulyativ hudud” va “mayning-pul” yaratiladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Qaror loyihasi kripto-aktivlar aylanmasini rivojlantirish va “blokcheyn” texnologiyasini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda normativ-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

“Regulyativ hudud” texnologiyasining 10 yildan ortiq vaqt davomida mavjudligiga qaramay, jahon amaliyotida hali kripto-aktivlar aylanmasi, shu jumladan kripto-aktivlarni ishlab chiqarish (mayning), ularni yaratish va bozorga chiqarish, kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish kabi masalalarni normativ-huquqiy tartibga solish bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqilmagan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, “Regulyativ hudud”ni yaratishning asosiy maqsadlari va vazifalari sifatida quyidagilar keltirilgan:

•    O‘zbekistonning amaldagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan sub’ektlar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi turlarini shakllantiradigan zamonaviy raqamli texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish va pilot tarzda amalga oshirish uchun muhit yaratish;

•    eskirgan va zamonaviy talablarga javob bermaydigan normalar aniqlangan taqdirda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, yangi tartibga solish mexanizmlarini shakllantirish va ularni sinovdan o‘tkazish;

•    kripto-aktivlar aylanmasi sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish, blokcheyn texnologiyasi va boshqa zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, shu jumladan kripto-aktivlarni emissiya qilish (tokenlarni yaratish va boshlang‘ich taqsimotini amalga oshirish) bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirishda va blokcheyn texnologiyalari loyihalariga investitsiya qilishda sub’ektlarga ko‘maklashish;

•    raqamli mahsulotlar va xizmatlar turlarini, shu jumladan eksportga yo‘naltirilgan yechimlar sonini oshirish, innovatsion raqamli texnologiyalarni respublika va jahon bozoriga chiqarish muddatlari va xarajatlarini kamaytirish;

•    “Regulyativ hudud” ishtirokchilari va respublika bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan mavjud va istiqboldagi talabni inobatga olgan holda, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etish.

Mazkur loyihaga ko‘ra, “Regulyativ hudud”ning rezidenti maqomi, ularning joylashgan joyidan qat’iy nazar, ekstraterritoriallik tamoyili asosida, O‘zbekiston Respublikasi rezedentlari-yuridik shaxslarga berilishi mumkin.

Bunda, potensial rezidentlar “Regulyativ hudud”da amalga oshirish va sinash uchun taklif etilgan kripto-aktivlar aylanmasi yoki “blokcheyn” sohasidagi noyob texnologiyalariga (mahsulotlariga, xizmatlariga) ega bo‘lishlari, yoki ommabop texnologiyalardan foydalanishda innovatsion yondashuv qo‘llanilayotganligini isbotlashlari, aniq maqsadlar ko‘rsatilgan biznes-rejaga, xavflarni baholash to‘g‘risida hisobotga va ularni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga, va boshqa bir qator mezonlarga ega bo‘lishlari lozim.

Pilot loyihalarni amalga oshirish maqsadida rezidentlarga 12 oy vaqt beriladi, ushbu davr mobaynida zarur tartibga solish mexanizmlari ishlab chiqiladi. Joiz bo‘lganda, mazkur muddat 24 oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

“Regulyativ hudud” rezidentlariga, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari – sub’ektlar bilan, xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar (takliflar, bitimlar) tuzish huquqini taqdim etiladi, bunda, “Regulyativ hudud” doirasida qabul qilingan huquqiy normalarga amal qilayotgan bo‘lsa, kelishuv shartlari amaldagi qonunchilik normalaridan chetga chiqishi mumkin bo‘ladi.

Biroq, kompaniyalar mazkur tartiblarga rioya qilmagan taqdirda, “Regulyativ hudud” rezidenti maqomidan ayriladilar.

“Regulyativ hudud”ning operativ boshqaruvi Direksiya tomonidan amalga oshiradi.

“Milliy mayning-pul”ni yaratish:

Kripto-aktivlar mayningini amalga oshirayotgan, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan maynerlarning texnik quvvatlarini birlashtirish maqsadida Milliy mayning-pulni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Milliy mayning-pulni tashkil etishning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilar:

•    O‘zbekiston Respublikasi hududida xususiy va sanoat maynerlari uchun qulay sharoitlar yaratish;

•    mayning sohasida iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash maqsadida mayning uskunalarining texnik quvvatlarini birlashtirish;

•    oshkoralik, xavfsizlik va nazorat darajasini oshirish, shuningdek, kripto-aktivlar mayningi sohasida energiya iste’moli samaradorligini oshirish;

•    kripto-aktivlar aylanmasi sohasida potensial xorijiy sarmoyadorlar uchun O‘zbekiston Respublikasining investitsion jozibadorligini oshirish.

Loyihada sanoat mayningi (100 kVt/soatdan ortiq energiya iste’mol qilgan holda mayning) faoliyatini litsenziyalash va xususiy maynerlar faoliyatini ro‘yxatga olish mexanizmini joriy qilish taklif etilmoqda.

Maynerlarning Milliy mayning-pulda ishtirokini rag‘batlantirish chorasi sifatida ular uchun elektr energiyasi uchun haq to‘lashda, belgilangan tarifga oshirish koeffitsentini ishlatmaslik taklif qilinadi.

Ma’lumot uchun: 2019 yil dekabr oyida elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi, kripto-aktivlar muomalasi, shu jumladan mayning bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanuvchi iste’molchilarga tegishli tarif guruhining belgilangan tarifiga 3 barobar orttirilgan koyeffitsiyentni qo‘llash to‘g‘risida o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Loyihaga ko‘ra, kripto-aktivlar aylanmasi bilan bog‘liq noqonuniy operatsiyalar holatlari aniqlangan taqdirda tegishli tarif guruhining belgilangan tarifiga 3 barobar orttirilgan koyeffitsiyenti qo‘llaniladi.

Mayning-pul faoliyatini operativ boshqarish «Raqamli ishonch» raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash fondi ta’sischiligida tashkil etilgan operator tomonidan amalga oshiriladi. 

Operator shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida sanoat mayningi faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha Agentlikning ishchi organi hisoblanadi.

Loyihada, shuningdek, aholini energiya bilan ta’minlash sohasida favqulodda holatlar yuzaga kelganda, Mayning-pulning yoki alohida maynerning faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turish choralari ham ko‘zda tutilgan.

Mayning-pul ishtirokchilari, mayning natijasida olingan kripto-aktivlarni vakolatli organdan tegishli litsenziya olgan kripto-birja orqali yoki maxsus platforma orqali sotishlari mumkin bo‘ladi.

Umuman olganda, mazkur Prezident qarori loyihasini qabul qilish quyidagilarga erishish uchun xizmat qiladi:

•    kripto-aktivlar aylanmasi va blokcheyn texnologiyasi sohasida innovatsion loyihalarni jadal sur’atlarda ishga tushirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, mayning sohasini rivojlantirish;

•    yangi texnologiyalarni joriy etishda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq xatarlarni baholash va minimallashtirish mexanizmini joriy etish;

•    kripto-aktivlarni fuqarolik aylanmasiga bosqichma-bosqich va nazorat qilgan holda kirishini tashkil etish orqali yangi tartibga solish usullarini sinab ko‘rish mexanizmini yaratish;

•    zamonaviy mahsulot va xizmatlarni joriy etish uchun maxsus shartlarni taqdim etish orqali yuqori texnologiyalar sohasidagi xorijiy innovatsion kompaniyalarni jalb qilish;

•    raqamli texnologiyalar sohasida mahsulot va xizmatlar eksporti hajmini oshirish;

•    kripto-aktivlar aylanmasi va blokcheyn texnologiyasi sohasida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish uchun asos yaratish;

•    O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydonda innovatsiyalarga ochiq va investitsiyaviy jozibador mamlakat sifatida imidjini oshirish.


Maqola muallifi

Teglar

Mayning pul regulyativ hudud raqamli iqtisodiyot blokcheyn

Baholaganlar

42

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing