2021 yilgacha barcha tibbiyot va ta’lim muassasalari tezkor internetga ulanadi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarga muvofiq hamda iqtisodiyot tarmoqlari va davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish va telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish orqali respublika iqtisodiyotining raqobatbardoshligini yanada oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni yanada rivojlantirishning qo‘shimcha vazifalari etib belgilansin:

2023 yilga kelib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 baravarga ko‘paytirishni nazarda tutgan holda, shu jumladan, ishlab chiqarishni boshqarishda axborot tizimlari kompleksini joriy qilish, moliyaviy-xo‘jalik faoliyatda hisobot yuritishda dasturiy mahsulotlardan keng foydalanish, shuningdek, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish orqali uni jadal shakllantirish;

2020-2021 yillarda barcha sog‘liqni saqlash muassasalari, maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini, shuningdek, qishloqlar va mahallalarni yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulash hamda aloqa xizmatlari sifatini oshirishni ko‘zda tutgan holda mamlakatning raqamli infratuzilmasini to‘liq modernizatsiya qilish va zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan barcha hududlarda foydalanish imkoniyatini ta’minlash;

2022 yilga qadar elektron davlat xizmatlari ulushini 60 foizgacha yetkazishni nazarda tutgan holda davlat axborot tizimlari va resurslarini yaratish hamda integratsiya qilish, davlat ma’lumotlar bazalaridagi axborotlarni unifikatsiya qilish, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibotlarini optimallashtirish va tartibga solish orqali elektron hukumat tizimini rivojlantirish;

dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va texnologik maydonchalar yaratish orqali “raqamli tadbirkorlik”ni rivojlantirish, 2023 yilga kelib ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravarga oshirish va ularning eksportini 100 million dollarga yetkazish;

ta’lim tizimining barcha bosqichlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va zamonaviy iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan raqamli bilimlarning darajasini oshirish, ta’lim infratuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, “Besh tashabbus” loyihasini amalga oshirish doirasida 2022 yilga qadar respublikaning barcha hududlarida raqamli bilimlarga o‘qitish markazlarini ochish.

2. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik):

raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi;

raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish doirasida axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarning loyihalari va texnik hujjatlari hamda normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini majburiy ekspertizadan o‘tkazadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) kripto-aktivlar va blokcheyn texnologiyasini joriy etish bo‘yicha vakolatlar saqlab qolinsin.

3. Vazirlik huzurida quyidagilar:

a) “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

elektron hukumatni rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni ta’minlash;

davlat organlari va tashkilotlarida raqamli rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish;

davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomining yagona idoralararo elektron tizimini joriy etish;

elektron hukumat sohasidagi loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bosqichlarini muvofiqlashtirish;

b) “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

iqtisodiyot tarmoqlari va ishlab chiqarishga raqamlashtirish jarayonlarining ta’sirini baholash;

ekspertlar hamjamiyati bilan hamkorlikda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasida yangi yo‘nalishlar va zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘rganish orqali ularni davlat organlari va tashkilotlarida keng joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

iqtisodiyotning turli tarmoqlarida “aqlli” va boshqa istiqbolli texnologiyalarni, shuningdek, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlovchi texnologiyalarni joriy etishning konseptual va uslubiy asosini shakllantirish.

4. Vazirlik markaziy apparati tuzilmasida:

agrar sohani jadal raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalariga mas’ul bo‘lgan vazir o‘rinbosari lavozimi kiritilsin;

Agrar sohada raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi va Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi tashkil qilinsin.

Belgilab qo‘yilsinki, ushbu bandda nazarda tutilgan vazir o‘rinbosari lavozimini kiritish va boshqarmalarni tashkil qilish Vazirlik markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida amalga oshiriladi.

6. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Vazirlik, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Agentlikning:

“Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator UZINFOCOM” MCHJning ustav kapitalidagi davlat ulushini (keyingi o‘rinlarda – Yagona integrator) Vazirlikka beg‘araz asosda o‘tkazib berish;

Vazirlik tashkiliy tuzilmasidagi xo‘jalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlarini (ulushlarini) Vazirlikka o‘tkazib berish;

Agentlik qoshidagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” davlat unitar korxonasining axborot tizimlari va boshqa apparat-dasturiy komplekslarini bir hafta muddatda Vazirlik huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasiga beg‘araz asosda o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

8. Quyidagilar:

“Elektron hukumat” tizimining arxitekturasi 4-ilovaga muvofiq;

2020-2022 yillarda elektron hukumatni yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq;

2020-2022 yillarda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq;

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 7-ilovaga muvofiq;

2020-2022 yillarda axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxati 8-ilovaga muvofiq;

2020-2021 yillarda qishloq va suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga ushbu qaror bilan tasdiqlangan loyihalar ro‘yxatiga aniqlik kiritish huquqi berilsin.

9. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasida (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobraqam ochilsin.

Jamg‘arma maxsus hisobraqamining daromad manbalari etib quyidagilar belgilansin:

mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan to‘lov summasining taqsimlanguniga qadar bo‘lgan 35 foizi;

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘langan davlat bojlari, yig‘imlar va barcha turdagi to‘lovlarning 11,25 foizi, shuningdek, Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘langan davlat bojlari va boshqa to‘lovlardan tushadigan mablag‘larning 0,5 foizi;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa daromadlar.

Belgilansinki, abonent raqamlaridan foydalanganlik uchun to‘lov, mablag‘larning tegishli qismi Jamg‘armaning maxsus hisobraqamiga o‘tkazilgandan so‘ng, boshqa oluvchilar orasida mablag‘larning qolgan qismidan kelib chiqib, o‘rnatilgan tartibda taqsimlanadi va qonun hujjatlarida belgilangan maqsadlarga yo‘naltiriladi.

10. Belgilab qo‘yilsinki:

davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy etish, integratsiya qilish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy qiymati 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan bitta shartnoma doirasida tanlovlarni faqat Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki rezidentlari o‘rtasida o‘tkazish huquqiga ega;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida ishlatiladigan barcha axborot tizimlari va resurslarining idoralararo elektron hamkorligi faqat “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali amalga oshiriladi.

11. Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki rezidentlari tomonidan ommaviy moliyalashtirish (kraudfanding) va opsion-shartnomalarni tuzish tartibini belgilash bo‘yicha taklif kiritsin.

12. “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi Yagona integrator bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga axborot xizmatlarini, jumladan, xabardor qilish xarakteridagi ma’lumotlarni taqdim etuvchi davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan Elektron hukumat xizmatlari haqida axborot berish va xabardor qilish tizimini ishlab chiqsin.

13. Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulayliklar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga egalik qilish, uni yuritish va boshqarish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilansin.

Agentlik bir oy muddatda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimining unga tegishli barcha mol-mulk va asbob-uskunalari bilan birgalikda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga belgilangan tartibda topshirilishini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 avgustga qadar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yo‘llanadigan xat-xabarlar, xabarnomalar, chaqiruv qog‘ozlari va boshqa yuridik hujjatlarni faqat pochta aloqa ob’ektlari tarmog‘i orqali yetkazib berish tartibini belgilasin.

Vazirlik 2020 yil 1 avgustga qadar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan pochta aloqasi ob’ektlari tarmog‘i orqali yo‘llanadigan xat-xabarlar, xabarnomalar, chaqiruv qog‘ozlari va boshqa yuridik hujjatlarni jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib berish va yetkazilganligini tasdiqlash, ma’lumotlarni saqlash va hisobga olishning yagona milliy tizimini joriy etsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–3549-son qarori 4-bandi, shuningdek, qarorga 2-4-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

Vazirlik manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 28 aprel


Maqola muallifi

Teglar

raqamli iqtisodiyot elektron hukumat

Baholaganlar

21

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing