O‘zbekistonda piyoz narxi keskin pasaydi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda piyoz narxi keskin tushib ketdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligining xabar berishicha, Yangi Qo‘yliq – Food City bozorida 1 kg piyoz 900 so‘mdan eng qimmati - 2800 so‘mgacha sotilmoqda.

Piyoz narxining arzonlashishi sabablarini sotuvchilar aniq tushuntirib bera olmayapti. Ba’zi taxminlarga ko‘ra, o‘tgan hafta mobaynida saqlanib turgan iliq ob-havo piyozning nishlashiga sabab bo‘lgan. Savdogarlar esa bunday mahsulotni kelasi haftada kutilayotgan sovuq urishi mumkinligidan xavotirlanib, tezroq mahsulotidan qutulishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin.

O‘tgan hafta o‘rtalarida O‘zbekiston bozoriga dehqonlar ko‘p miqdorda piyoz yetkazib bera boshlagan, bu esa narxlarning avvalgi haftaga nisbatan bir yarim, hatto ikki baravar arzonlashishiga olib keldi. Qolaversa, yomon ob-havo sharoiti tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida yuk mashinalarining katta tirbandligi yuzaga kelgan. Shu bois, O‘zbekistondan piyoz solingan mashinalar chegaradan o‘tish uchun bir necha kun navbat kutishga majbur bo‘lmoqda, bu ham mahsulot eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Avvalroq, EastFruit nashri tahlilchilari tomonidan O‘zbekiston 2024 yilda chetga rekord darajada ko‘p piyoz eksport qilishi mumkinligi aytilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar oyining o‘zidayoq Polsha ulgurji bozorlari tom ma’noda O‘zbekiston piyozi bilan to‘lib ketgan. Joriy mavsumda O‘zbekiston piyoz eksportini 300 ming tonnadan ziyodroqqa oshirishi va bu bilan piyoz eksport qiluvchi eng yirik besh davlat qatoridan o‘rin olishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning yanvar oyida O‘zbekistonda piyoz narxi 4 barobarga qimmatlashib, rekord darajani qayd etgandi. O‘shanda 1 kg piyoz narxi 8000 so‘mgacha yetgan edi.

Mohinur Mamatova
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston piyoz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing