O‘zbekistonda ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanmoqda
Jamiyat
−
08 mart 2022 7241 2 daqiqa
O‘zbekistonda ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasida muhokama qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunda belgilanmoqda.
Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘riladigan qonunlarni muhokama qilgan senatorlar yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunga e’tibor qaratgan. Ta’kidlanishicha, normalar mavjudligi, ular reklama faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni to‘liq qamrab olmagani huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘plab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.
Birgina 2021 yilda reklama sohasida 15486 ta qonun buzarlik holati aniqlangan. Jumladan, tashqi reklama va boshqa reklamalarda 10249 ta, daraxtlardagi reklama va e’lonlarda 3416 ta, dori-darmon va biologik faol qo‘shimchalar reklamasida 658 ta, ta’maki va alkagol mahsuloti reklamasi 499 ta, bukmekerlik va tatalizatorlar xizmatlari reklamasi 260 ta, madaniy meros ob’ektlari bo‘yicha 150 ta, xususiy ta’lim va tibbiyot muassasalari 110 ta, rag‘batlantiruvchi konkurs va aksiyalar 103 ta holat qayd etilgan.
Yangi tahrirdagi Qonunga qonunosti hujjatlar normalari ham kiritilgan. Qonun bilan ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanmoqda.
Shu bilan birga tegishli mukofot fondisiz rag‘batlantiruvchi reklama aksiyalarini o‘tkazish taqiqlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatilishi, qo‘shimcha ravishda uning tarjimasi boshqa tillarda takrorlanishi mumkinligi belgilanmoqda.
Qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilib, yangi normalar kiritilmoqda.
Xususan, darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valyutada ko‘rsatish, axloq va ma’naviyatning umumqabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora, va obrazlardan foydalanish, tovarning asosiy xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni iste’molchidan yashirish taqiqlanmoqda.
Shuningdek, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanmoqda. Jumladan, telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati uchun yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emas. Davomiyligi o‘n daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Senatorlar muhokama jarayonida Qonunda bayon etilgan ayrim moddalarning amaliyotga tatbiq etilishi bilan bog‘liq holatlarga ham e’tibor qaratdi.
Live
Barchasi