O‘zbekistonda Ombudsmanga qo‘shimcha vakolatlar berilishi kutilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ombudsmanning vakolat doirasi kengaytiriladi. Rejaga muvofiq, mamlakatning bosh inson huquqlari posboniga Prezidentga inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus ma’ruzalar taqdim qilish huquqi berilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 10 sentyabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda so‘z borgan. 

Farmonda ombudsman faoliyati bo‘yicha alohida maxsus qonun ishlab chiqilishi va qabul qilinishi nazarda tutilgan.  

Farmon bilan Ombudsmanga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olgan holda yangi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Qonun loyihasida quyidagilar aks etadi:  

•  Ombudsman o‘z oldida turgan vazifalarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolatlar hamda uning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini ishonchli himoya qilish choralari;

•  Davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida Ombudsman tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisga tizimli ravishda axborot taqdim etish tartibi;

•  Ombudsmanning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus ma’ruzalar taqdim qilish huquqi; 

•  Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqi;

•  Ombudsman lavozimiga oliy ma’lumotli, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida zarur tajribaga va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, saylanish kuni 30 yoshdan kichik bo‘lmagan va bevosita saylovgacha kamida besh yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkinligini belgilovchi qoida;

•  Ayni bir shaxsning ikki martadan ortiq Ombudsman etib saylanishiga yo‘l qo‘yilmasligi; 

•  Ombudsman va uning o‘rinbosarining o‘z vakolat muddati davrida daxlsizligi bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar; 

•  Ombudsmanning doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakili maqomi; 

•  Ombudsman tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish bo‘yicha qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan qonun buzilishlari bo‘yicha ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritish; 

•  Davlat organlari tashkilotlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq yig‘ilishlarida, shu jumladan Oliy sud Plenumi majlislarida Ombudsmanning ishtirok etish huquqi; 

•  Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida “Ombudsman qutisi”ni saqlashning huquqiy mexanizmlari, unda erkinlikdan mahrum etilgan shaxslar tomonidan murojaatlar joylashtirish tartibi; 

•  Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi va himoya qilinishi holati to‘g‘risida Ombudsman tomonidan jamoatchilikni xabardor qilish tartibi va mexanizmi.

Avvalroq, Ombudsmanning joylarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari lavozimlari joriy qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

25

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing