O‘zbekistonda oktyabr oyida eng arzon uy narxlari qancha bo‘ldi?
Jamiyat
−
14 noyabr
4630O‘zbekistonda uy-joy bozori savdolarida biroz o‘sish kuzatilib, so‘nggi ikki oydagi pasayish to‘xtadi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, oktyabr oyida ko‘chmas mulk bozorida ijobiy dinamika kuzatilgan. Ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni sentyabr oyiga nisbatan 0,6 foizga oshib, 21,4 mingtani tashkil etgan.
Oktyabrda respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozori narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,1 foizlik o‘sish). Oy davomida eng katta o‘sish Andijon (5,1 foiz) va Sirdaryo (3,3 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Yettita hududda ikkilamchi uy-joy narxining pasayishi kuzatilgan bo‘lsa, eng katta pasayish Namangan (3,4 foiz), Xorazm (3,2 foiz) va Samarqand (2,5 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.
Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilgan, bu yerda kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 328 dollarni tashkil etadi. Ikkilamchi uy-joylarning eng yuqori narxi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, kvadrat metr uchun o‘rtacha 1100 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning Bektemir (3,9 foiz) va Yashnobod (3,1 foiz) tumanlarida sezilarli pasayish qayd etilgan. Oy davomida poytaxtda uy-joy ijara narxlarining barqarorlashuvi davom etdi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmadi – 1 kv metr uchun 8,3 dollar.
Poytaxtning 14 ta markaziy tumanlaridan 5 tasida uy-joy ijarasi narxi pasaydi. Eng katta pasayish Sergeli va Uchtepa tumanlarida kuzatilib, bu tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 4,5 foizga kamaydi. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda narx bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, eng arzon uy-joy ijarasi Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatilmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 6 dollarni tashkil etadi. Umuman olganda, Toshkent shahrida yil davomida uy-joy ijarasi 12 foizdan ko‘proqqa kamaydi. Eng katta pasayish Yashnobod (18 foiz), Sergeli (17 foiz) va Mirzo-Ulug‘bek (15,2 foiz) tumanlarida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda joriy yilning sentyabr oyida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari avgust oyiga nisbatan 2,8 foiz, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun esa 1,4 foiz oshgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi