Oktyabrda ob-havo keskin o‘zgaradi
Jamiyat
−
30 Sentabr 31466 2 daqiqa
Joriy yilning oktyabr oyi ob-havoning keskin o‘zgarishi bilan boshlanadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Sentyabr oyining oxirida kuzatilgan iliq ob-havodan so‘ng, 1-2 oktyabr kunlari O‘zbekiston hududida ushbu mavsumdagi birinchi kuzgi sovuq kirib kelishi kuzatiladi.
Respublika shimolida, markaziy va sharqiy viloyatlarda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati kunduz kunlari 18-21 darajagacha, kechalari 8-13 darajagacha, respublika shimolida kunduz kunlari 13-16 darajagacha, kechalari 4-5 daraja iliqqacha pasayadi.
3 oktyabr kuni faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi.
4-10 oktyabrda butun respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havog harorati 5-7 darajaga ko‘tariladi. Kunduz kunlari havo 23-26 darajagacha isiydi.
Oktyabr oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida ayrim kunlarda (2-3 kun) ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Harorat kechalari 10-15 darajadan 5-10 darajagacha (respublika shimolida 2 daraja sovuqqacha bo‘lishi mumkin), kunduz kunlari 23-28 darajadan 15-20 darajagacha o‘zgarib turadi.
Ma’lumot uchun, iqlim me’yoriga ko‘ra, oktyabr oyida 4 kundan 6 kungacha, tog‘larga yaqin joylarda 7-9 kungacha, respublikaning eng chekka janubida 1 kundan 3 kungacha yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kamdan kam hollarda esa juda qattiq sovuq kuzatilganda (8-10 yilda bir marta) yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanadi.
Ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 13 mm dan 25 mm gachani, tog‘larda 27 mm dan 70 mm gachani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 3 mm dan 11 mm gachani tashkil etadi.
Harorat tartibi bo‘yicha oktyabr oyi yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha turlicha bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonning barcha hududi bo‘yicha 2015 yilning oktyabr oyi ushbu asrdagi eng yomg‘irli yil bo‘ldi. Toshkentda oylik yog‘ingarchilik miqdori 88 mm ni (oylik me’yordan deyarli 4 baravar ko‘p) tashkil etdi, bunda 3 kun ichida 62 mm yomg‘ir yog‘di.
Toshkentda barcha kuzatuv qatorlari uchun oktyabr oyida maksimal oylik yog‘ingarchilik miqdori 1901 yilda qayd etilgan bo‘lib, u 126 mm ni tashkil etgan.
Ayrim yillarda bir oyda yog‘ingarchilik kuzatilgan kunlar soni 2-3 kundan oshmaydi va qator hududlarda juda kam hollarda yog‘ingarchilik kuzatilmaydigan oktyabr oylari ham qayd etiladi. 2001-2024 yillar davri uchun 2020 yilning oktyabr oyi eng quruq bo‘lib, oy davomida hududning katta qismida quruq ob-havo saqlanib turgan.
Live
Barchasi