O‘zbekistonda oddiy termometrni ro‘yxatdan o‘tkazishga 4-5 oy vaqt ketadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda oddiy termometrni Farmqo‘mitada ro‘yxatdan o‘tkazish 4-5 oy vaqt oladi va importyor tadbirkorlar bundan norozi. Bu haqda bugun, 18 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochildi. 

Prezidentning aytishicha, xususiy klinikalar O‘zbekistonga ilk bor olib kelinayotgan ayrim tibbiy uskunalarni Farmqo‘mitada ro‘yxatdan o‘tkazish xarajati ularning narxidan 10 karra qimmatligidan shikoyat qilmoqda. Shuningdek, qo‘mitada oddiy termometrni ham, MRT uskunasini ham ro‘yxatdan o‘tkazishga 4-5 oy vaqt ketmoqda.

Davlat rahbari bunday to‘lov va tartibotlar mutasaddilar tomonidan naqadar chuqur o‘ylanganini savol ostiga qo‘ydi.

“Bu yondashuv to‘g‘rimi? Albatta yo‘q. Murakkabligi va xavflilik darajasiga qarab, tibbiy uskuna, tibbiy buyum va dori-darmon uchun alohida-alohida muddat belgilash kerak”, deydi Prezident.

Shuningdek, salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar chetdan keladigan vitrinali sovutkichlarni sertifikatsiyalash jarayoni 3 oygacha cho‘zilayotganini aytmoqda.

Yig‘ilishda kurerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ishli qilayotgani, lekin mopedning o‘zi 300 dollar tursa, uni standartdan o‘tkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablag‘ ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Prezident sertifikatlashtirish va standartlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini belgilab berdi. 

Alohida farmon bilan Texnik tartibga solish agentligi, Sanepidqo‘mita, Veterinariya qo‘mitasi, Karantin agentligi kabi idoralarning mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab beriladi.

Bunda takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Masalan:

  • oziq-ovqat mahsuloti sifati va xavfsizligi nazorati bilan faqat Sanepidqo‘mita shug‘ullanadi;
  • oziq-ovqat uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi;
  • qo‘mita asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha sanitariya qoidalari va normalarini xalqaro talablarga – Kodeks Alimentariusga muvofiqlashtiradi.

Boshqa tizimlar ham xuddi shu tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing