O‘zbekistonda nosvoy savdosini taqiqlash taklif qilinyapti

Jamiyat

image

O‘zbekistonda nosvoy, tamakili va nikotinli snyuslar savdosini taqiqlash taklif qilinyapti. Bu haqda Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Alkogol va tamaki mahsulotlari aylanmasini tartibga solish hamda iste’molini cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasida belgilangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha mutaxassisining ma’lum qilishicha, loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan.

Qonun loyihasida mamlakatda tamaki mahsulotini sotish, reklama qilish, sotuvini rag‘batlantirish, homiylik qilish borasidagi cheklov choralarini kuchaytirish, jamoat joylarida tamakidan holi muhitni yaratish hamda chekilmaydigan tamaki mahsulotlari (shu jumladan nosvoy, tamakili va nikotinli snyuslar) aylanmasini taqiqlash ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, aholi o‘rtasida qo‘lbola usulda tayyorlanadigan novsoyning keng iste’mol qilinishi mamlakatda dolzarb muammoligicha qolmoqda. Bolalar va o‘quvchilar, o‘smirlar o‘rtasida tamakili va nikotinli snyuslarning tez sur’atlar bilan ommalashib borayotgani esa vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda hamda aholi salomatligiga, mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2014 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning xavf omillarini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazgan. Aniqlanishicha, O‘zbekistonda erkaklar ayollarga nisbatan 30 baravar ko‘p tamaki iste’mol qiladilar, erkaklarning 42 foizi va ayollarning 1,5 foizi chekuvchilardir (tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishlarini ayollar doim ham tan olmaydilar). Tutunsiz tamakini 23,2 foiz erkaklar va 0,2 foiz ayollar iste’mol qiladi, uning 90 foizi nosvoyga to‘g‘ri keladi.

Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi o‘rtasida nosvoy iste’mol qilish ko‘rsatkichining eng yuqorisidir: Qirg‘izistonda – 5,2 foiz, Qozog‘istonda – 1,3 foiz, Turkmanistonda – 1,4 foiz.

Bundan tashqari, tutunsiz tamaki mahsulotlarining 13-15 yoshdagi o‘smirlar orasida iste’mol qilinishining darajasi ham O‘zbekistonda qo‘shni mamlakatlarga qaraganda eng yuqori - 6 foiz. Bu ko‘rsatkich: Qirg‘izistonda – 5,1 foiz, Tojikistonda - 1,8 foiz, Qozog‘istonda – 0,6 foiz, Turkmanistonda – 0,2 foiz.

So‘nggi yillarda elektron sigaretalar, chilim, tamakili va nikotinli snyuslar kabi yangi tamaki mahsulotlarining ayniqsa yoshlar orasida ommalashib borayotgani qayd etilmoqda.

Shu sababdan Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari O‘zbekistonda nosvoyni ishlab chiqarish va sotishni qonun darajasida taqiqlashni tavsiya qilmoqda. Ushbu vazifani hal etishga qo‘shni mamlakatlar (ayniqsa Qozog‘iston, Turkmaniston) nosvoyni sotishni taqiqlagani, oxirgi 5 yil ichida O‘zbekistonning 18-39 yoshdagi aholisi orasida nosvoy iste’mol qilish ikki baravar kamaygani ham turtki bo‘ladi, chunki nosvoy chekish tamaki mahsulotlarining boshqa turlariga qaraganda unchalik obro‘li yoki rusmga kirgan emas.

Nosvoy sotuvi va ishlab chiqarilishini tartibga solish juda qiyin, chunki u qo‘lbola usulda yoki uy sharoitida, sanitariya normalariga rioya qilmasdan tayyorlanadi, nazorat idoralari nosvoyning xavfsizligi va sifatini nazorat qilish uchun zarur resurslarga (texnologik, moliyaviy va boshqa) ega emas.


Maqola muallifi

Teglar

nosvoy

Baholaganlar

802

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing