O‘zbekistonda noqonuniy kosmetikadan foydalanganlarda botulizm aniqlandi
Jamiyat
−
27 iyun 2193 2 daqiqa
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi botulinotoksin saqlovchi ayrim kosmetologik preparatlar qo‘llanilganidan so‘ng kuzatilgan og‘ir nojo‘ya reaksiyalar yuzasidan ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga murojaat qilgan ayrim bemorlarda “Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy” hamda “Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex” preparatlari kosmetologik maqsadlarda qo‘llanganidan so‘ng og‘ir nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan.
“Shuni alohida qayd etish kerakki, “Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy” hamda “Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex” mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Shu sababli ularning xavfsizligi, sifati va samaradorligi belgilangan tartibda baholanmagan”, deyiladi xabarda.
Fuqarolarga internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali taklif etilayotgan shubhali mahsulotlarni xarid qilmaslik tavsiya etilgan. Agar bunday preparatlar xarid qilingan bo‘lsa, ularni qo‘llamaslik, qo‘llash boshlangan bo‘lsa esa foydalanishni darhol to‘xtatib, shifokorga murojaat qilish so‘ralgan.
Shuningdek, ushbu preparatlarni qo‘llagan shaxslarda ko‘rishning xiralashishi, qovoqlarning osilishi, yutinish qiyinlashishi, nutq buzilishi, mushaklar kuchsizligi, nafas olish qiyinlashishi yoki boshqa noodatiy alomatlar kuzatilsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish zarurligi ta’kidlangan.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi fuqarolarni dori vositalarini faqat rasmiy savdo tarmoqlari orqali xarid qilishga hamda shubhali mahsulotlar aniqlangan hollarda vakolatli organlarga xabar berishga chaqirgan. Mazkur holat yuzasidan nazorat va o‘rganish ishlari davom etayotgani qayd etilgan.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust