O‘zbekistonda naqd pulga talab nega oshmoqda?
Jamiyat
−
15 iyul 2022
10422O‘zbekistonda naqd pulga talabning oshishiga uzoq muddatli omillar (iqtisodiy o‘sish, demografik o‘zgarishlar va moliya sektorining rivojlanishi) bilan bir qatorda mavsumiy iqtisodiy faollikning oshishi, chet eldan pul o‘tkazmalari ko‘payishi, valyuta kurslari barqarorligi ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti o‘tkazgan tahlillariga asosan ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2022 yil 1 iyun holatiga muomaladagi naqd pullar hajmi 36,9 trln so‘mga yetib, 2017 yilning 1 iyun holatiga (13,2 trln so‘m) nisbatan 2,8 barobar oshdi.
Shunday bo‘lsa-da, naqd pullarning keng ma’nodagi pul massasi tarkibidagi ulushi kamayib bormoqda. Ushbu ko‘rsatkich 2017 yil 1 iyun holatiga 31,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil 1 iyun holatiga kelib 23 foizgacha kamaygan.
Ta’kidlanishicha, 2017 yildan boshlab naqd pulga bo‘lgan talab mavsumiy xarakterga ega bo‘lib kelmoqda.
“Aprel-may oylaridan boshlab iqtisodiy faollikning jadallashuvi (masalan, to‘y va shunga o‘xshash marosimlar sonining ko‘payishi, qurilish ishlarining tezlashishi, yozgi pishiqchilik, dam olish va ular bilan bog‘liq xarajatlarning ortishi) naqd pulga bo‘lgan talabni oshiradi va ushbu tendensiya noyabr oylariga qadar davom etadi.
Noyabrdan mart oyigacha bo‘lgan davrda muomaladagi naqd pul hajmi sezilarli darajada kamayadi”, deyiladi institut tahlilida.
O‘rganishlarga ko‘ra, aprel-noyabr oylarida chet eldan pul o‘tkazmalarining ko‘payishi bilan aholi tomonidan valyuta sotuvi hajmi ham oshib boradi. So‘mning AQSH dollariga nisbatan qadrining mustahkamlanishi yoki barqarorligini saqlab turishi sharoitida ushbu tendensiya yanada jadallashadi.
Joriy yil 5 oyida pul o‘tkazmalari hajmi 4,19 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, 2021 yilning mos davriga (2,61 mlrd AQSH dollari) nisbatan 61 foizga (1,58 mlrd AQSH dollariga) ko‘paygan.
Mazkur davrda banklar tomonidan jismoniy shaxslardan 4,32 mlrd AQSH dollari miqdorida valyuta sotib olingan va bu o‘tgan yilning mos davriga (2,72 mlrd AQSH dollari) nisbatan 59 foizga ko‘proq hisoblanadi.
“Katta hajmdagi oldi-sotdi operatsiyalarini (uy-joy, mashina oldi-sotdisi) xorijiy valyutada (AQSH dollari, yevro) amalga oshirilganda, o‘z-o‘zidan milliy valyutaga talab kamayadi.
Ichki valyuta bozorida so‘mning AQSH dollariga nisbatan qadrining oshishi ortidan aholining ko‘pchiligi valyutadagi jamg‘armalarini milliy valyutaga o‘tkazishni afzal ko‘ra boshlashdi”, deyiladi PMTI tahlilida.
Mutaxassislarga ko‘ra, valyuta kursi barqarorligi saqlanib turgan bir sharoitda 2022 yil 15 iyuldan 200 000 so‘mlik banknotalarning muomalaga chiqarilishi katta hajmdagi naqd hisob-kitoblarni osonlashtirib, dollarlashuv darajasi yanada kamayishiga xizmat qilishi mumkin.
So‘nggi 4 yilda to‘lov tizimining rivojlantirilishi natijasida naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmi sezilarli darajada oshdi. Muomaladagi bank kartalari soni 1,7 barobarga (01.06.2018 yil holatiga 17,7 mln donadan 01.06.2022 yil holatiga 29,4 mln donaga), o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 1,8 barobar (241 mingtadan 433,2 mingtaga), o‘rnatilgan bankomat va infokioskalar soni 2,7 barobar (6,1 mingdan 16,7 mingga) ko‘paygan.
2022 yil yanvar-may oylarida to‘lov terminallari orqali tushgan tushumlar hajmi 58,2 trln so‘mga yetgan va 2021 yilning mos davriga (39,9 trln so‘m) nisbatan 1,5 barobar (2018 yil yanvar-may oylariga (23 trl so‘m) nisbatan 2,5 barobar) oshdi.
Ushbu tahlil 2013 yil yanvaridan 2022 yil may oyigacha bo‘lgan oylik ma’lumotlarga asoslanib amalga oshirilgan. Ushbu ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ochiq statistik ma’lumotlaridan olindi.
LiveBarchasi