O‘zbekistonda muddatli to‘lov operatorlari ish boshlaydi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2027 yildan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 14 avgust kuni qabul qilingan “Aholiga muddatli to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 294-sonli qarorida so‘z boradi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2027 yil 1 yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs (banklar va mikromoliya tashkilotlari bundan mustasno) muddatli to‘lov xizmati operatori deb e’tirof etiladi. Yuridik shaxslarning muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish huquqi Markaziy bank tomonidan shakllantiriladigan Muddatli to‘lov xizmati operatori faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritilgandan so‘ng vujudga keladi.

Yuridik shaxslar quyidagi tartibda Reyestrga kiritiladi:

  1. banklar, mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish orqali;
  2. boshqa yuridik shaxslar Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali.
  3. Qarorga ko‘ra, ko‘chmas mulk, shuningdek, qonunchilikka muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo‘lishi cheklangan boshqa mulk muddatli to‘lov xizmati ob’ekti bo‘lishi mumkin emas.

Joriy etiladigan muddatli to‘lov xizmati operatoriga moliyaviy iste’mol kreditlarini ajratish hamda jismoniy shaxslardan pul mablag‘larini jalb qilish taqiqlanadi. Shu bilan birga, ularga muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha talab qilish huquqidan faqat boshqa muddatli to‘lov xizmati operatori, mikromoliya tashkiloti va banklar foydasiga voz kechish huquqi beriladi.

Hujjatga muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalari quyidagi shartlarga mos bo‘lishi lozim:
 

  • muddatli to‘lov xizmati ob’ektining qiymati BHMning 250 baravaridan oshmasligi;
  • muddatli to‘lov xizmati operatorining komissiya (ustama) to‘lovlari va tovar (ish, xizmat)larning yakuniy qiymatiga kiritiladigan boshqa to‘lovlar alohida ko‘rsatilishi;
  • muddatli to‘lov xizmati bo‘yicha asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlar, shu jumladan, vositachilik haqlari, neustoyka (jarima, penya), javobgarlikning boshqa choralari yig‘indisi yiliga muddatli to‘lov miqdorining yarmidan ko‘pini tashkil etishi mumkin emasligi;
  • iste’molchi muddatli to‘lov xizmati summasini istalgan vaqtda (to‘liq yoki qisman) qo‘shimcha jarima, penya va komissiyalarsiz muddatidan oldin so‘ndirish huquqiga ega bo‘lishi;
  • muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha iste’molchi majburiyatining eng ko‘p muddati shartnoma tuzilgan kundan boshlab 12 oydan oshmasligi.

Bundan tashqari, 2027 yil 1 yanvardan boshlab tovar iste’mol kreditini taqdim etuvchi tashkilotlar qiymati BHMning 3 baravarigacha bo‘lgan tovar iste’mol krediti shartnomalari va ularning ijro etilishi holati haqidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga taqdim etishi talab etilmasligi belgilandi.

Qarorda qayd etilishicha, muddatli to‘lov xizmatlarini amalga oshirishda mijozlar raqamli identifikatsiya qilinishi lozim bo‘ladi. Operatorlar o‘z faoliyatini amalga oshirish jarayonida Markaziy bankning tartibga solish va nazorat qilishni amalga oshirishga oid prudensial normativ va talablariga rioya qilishi hamda axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda mijozlarni raqamli identifikatsiya va verifikatsiya qilishi hujjatda qayd etilgan.

Shuningdek, muddatli to‘lov operatorlari tuzilayotgan barcha muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalari va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha kredit byurolari bilan kredit axboroti almashinuvini yo‘lga qo‘yishi hamda xizmatni ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilishda Markaziy bank tomonidan belgilanadigan qarz yuki ko‘rsatkichining eng yuqori miqdori talablariga rioya qilishi shart.

Qarorga muvofiq, chorak yakuni bo‘yicha tovar (ish, xizmat)larni realizatsiya qilish aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan hamda unda bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmati ulushi 50 foiz va undan yuqori qismni tashkil etgan tovar iste’mol krediti beruvchi tashkilotlar hisob ro‘yxatidan o‘tishi va Reyestrga kirishi, shu bilan birga, muddatli to‘lov xizmati operatorlariga mazkur qaror bilan belgilangan talablarga rioya qilishi shart.

 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing