O‘zbekistonda maymunchechak virusiga qarshi qanday choralar ko‘rilmoqda?
Salomatlik
−
17 avgust
9284O‘zbekistonda maymunchechak kasalligi (M-pox) aniqlangan taqdirda, unga qarshi kurashish uchun barcha choralar ko‘rilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustamjon Ikromov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikada ushbu kasallikning chetdan kirib kelishi va uni oldini olish maqsadida ma’lum chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ya’ni maymunchechakka chalinish holatlari gumon qilinadigan bo‘lsa, ularda laboratoriya ishlarini o‘tkazish uchun hududiy boshqarmalarda hamda markazdagi, shuningdek, Respublika ilmiy-tekshirish institutida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, M-pox kasalligini tashxislash uchun zarur bo‘lgan diagnostika hamda test sistemalarini olib kelish borasida ishlar amalga oshirilmoqda.
“Bizda 2023 yilda keltirilgan test sistemalari ham mavjud bo‘lib, ularni hududlarga yetkazib berish, mutaxassislarimizni ulardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish ishlarini olib boryapmiz. Videokonferensiya tarzida bog‘lanib, amaliy ko‘rsatish orqali laboratoriya xodimlarining tajribasini mustahkamlayapmiz”, deydi Rustamjon Ikromov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shvetsiya hukumati mamlakatda maymunchechak kasalligi (M-pox) qayd etilganini ma’lum qilgandi. 2023 yil oxirida yangi epidemiya boshlanganidan beri bu virus Afrikadan tashqarida birinchi marta aynan ushbu mamlakatda aniqlangan. Rasmiylarning tushuntirishicha, bemor kasallikni Afrikaga safari paytida yuqtirgan. Shuningdek, Pokistonda ham ushbu virus bilan kasallanganlar aniqlandi. JSST esa maymunchechak virusi sababli global favqulodda holat e’lon qildi.
LiveBarchasi