Kusherboyev ortidan yana bir deputat ketishga qaror qildi
Jamiyat
−
23 dekabr 2022
24188Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherboyevning deputatlikdan ketishi ortidan Toshkent shahar xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining O‘zLiDeP partiyasidan deputat Nuriddin Zaynitdinov ham o‘z xohishiga ko‘ra deputatlik faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi.
“Gapirma! Indama! Aralashma! Qachongacha bundan gaplarni eshitamiz?! Deputatning gapirishdan boshqa nimasi qolmoqda? Endi shungayam yo‘l berilmasa...”, deya Kusheboyevni qo‘llab quvvatlashi haqida yozgan mahalliy kengash deputati.
U deputatlarga qarshiliklar mavjudligini bildirgan.
“Do‘stimiz, deputat Rasul Kusherboyev bilan bo‘lgan holatni qoralayman. Qachongacha deputatlar og‘zini yopish, qasddan ularni pozitsiyasini bildirishiga qarshiliklar bo‘ladi? Rasul Kusherboyevni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman”, degan u o‘zining Telegram sahifasida.
Shuningdek, u ham hozirgi sharoitda deputat bo‘lib ishlash qiyin ekanini o‘z tajribasi misolida tushuntirib bergan.
“Deputat bo‘lib, emin-erkin deputatlik qilolmaydigan sharoitda ishlab bo‘lmaydi. 2022 yilni o‘zida 2-3 marotaba menga bo‘lgan bosimlar va noqonuniy ishlarni aybdorlariga shu kungacha chora ham ko‘rilmadi.
Oilamgacha, qarindoshlarimgacha ta’qib va bosim qilishga borishdi. Men ham mahalliy Kengash deputatligidan ketishga qaror qildim. Bu qaror vaqt masalasi edi. Yaxshi-yomon gaplarga rozi bo‘linglar. Bunday qaror qabul qilganimdan afsusdaman, bu oson bo‘lmadi”, deb yozgan Nuriddin Zaynitdinov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rasul Kusherboyev o‘zining deputatlik faoliyatini yakunlagani, bunga esa uning fikrlari tinglanmayotgani, inobatga olinmayotgani sabab bo‘layotgani haqida xabar qilgan edik.
LiveBarchasi