O‘zbekistonda kuchaytirilgan karantin qachondan joriy qilinadi? Rasman javob berildi

Jamiyat

Avvalroq, O‘zbekistonda ham COVID-19 koronavirusning yangi “britancha” shtammi aniqlangani, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridan qaytgan oilaning 10 yashar qizida ushbu virus qayd etilgani haqida xabar bergan edik.

Hozirgi ko‘pchilikni bir savol o‘ylantiryapti, tashvishga solyapti: O‘zbekistonga yana kuchaytirilgan karantin qaytadimi? Ushbu savol bilan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekovga yuzlandi. 

“Aynan hozirgi holat bo‘yicha karantin qaytishiga umuman asos yo‘q, deb hisoblaymiz. Lekin agar biz haddan ortiq xotirjamlikka beriladigan bo‘lsak, hammamiz O‘zbekistonni tashlab, chet davlatlarda sayr qilishni boshlaydigan bo‘lsak, kasallikni katta miqdorda olib kelishni ta’minlaydigan bo‘lsak, u holda bu kabi cheklovlar o‘rnatilishiga asos bo‘lishi mumkin. 

Lekin biz bir narsani anglab yetishimiz kerak: qachonki xalqimiz mutaxassislarning tavsiyalariga to‘g‘ri itoat qilgan holda hayot tarzini tutsalar, shakllantirsalar, demak biz jiddiy cheklov yoki karantin tadbirlariga ro‘para kelmaymiz.

Dunyo hamjamiyatida ko‘ryapsizlar, ba’zi davlatlar cheklov tadbirlarini kuchaytiryapti. Ba’zilar esa bir muncha yumshatyapti. Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, vaziyatga qarab xulosa qilinadi. Hozir esa bunday xulosa qilish uchun hech qanday asosni ko‘rmayapman”, deydi Otabekov. 

Ma’lumot o‘rnida, Sog‘liqni saqlash vazirligidan xabar qilinishicha, koronavirusning “britancha” shtammi aniqlangan 10 yashar qizaloqning umumiy ahvoli yaxshiligi bois, uy sharoitida izolyatsiyaga ruxsat berilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq karantin choralari 2020 yilning 16 martidan e’lon qilingan edi. Bu orada mamlakatda ikki marta kuchaytirilgan karantin tadbirlar hukm surdi. So‘nggi bor kuchaytirilgan karantin cheklovlari 10 iyuldan 15 avgustgacha davom etdi. Sentyabr oyiga kelib, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan birin-ketin o‘rnatilgan cheklovlar olib tashlandi. Ayni vaqtda niqob taqish, qo‘llarni yuvish va dezinfeksiya vositalaridan foydalanish, ijtimoiy masofa saqlash, ko‘pchilik bo‘lib to‘planmaslik, 30 kishidan ortiq oilaviy tadbirlar o‘tkazmaslik asosiy karantin qoidasi bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, joriy yilning 25 dekabridan boshlab xorijdan kirib kelayotgan fuqarolar mamlakat xalqaro aeroportlarida antigen testini topshirishi majburiy etib belgilandi. 21 dekabrdan 2021 yilning 1 martigacha Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish) to‘xtatildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

4493

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing