O‘zbekistonda koronavirusga bog‘liq aniq raqamlar yashirilyaptimi? Rasmiylar javob berdi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2020
13008O‘zbekistonda koronavirus bilan og‘rigan bemorlar 48 mingdan oshdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq statistikani kamaytirib ko‘rsatayotgani rostmi? Ushbu savolga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov javob berdi.
“O‘zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligiga o‘tkazilgan tahlillardan tortib, har kuni qayd etilayotgan bemorlar, ularning yoshi, yashash manzili va qaysi aholi qatlami o‘rtasida aniqlanayotgani haqidagi ma’lumotlar kundalik tahlil qilinyapti va aholiga yetkazilyapti. Yuqumli kasalliklar shu jihati bilan ham farq qiladiki, bunda raqamlarni yashirish o‘zini oqlamaydi. Shuning uchun ham xalqimizda chiroyli bir gap bor: kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi.
Bu kasallik shu darajada yuqumli ekanini bila turib, statistik ma’lumotlarni yashirishga urinish – bu katta xato. Mutaxassislar buni yaxshi biladi. Shuning uchun rasman aytilayotgan raqamlar – bu haqiqat”, deydi Otabekov.
O‘zbekiston bosh davlat sanitariya inspektorining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda bemorlarning soni qo‘shni mamlakatlarga qaraganda ko‘pligi ham raqamlar ochiq-oydin aytilayotganidan dalolat beradi.
“Boshqa davlatlar bilan solishtirib ko‘rishingiz ham mumkin. O‘zbekistonda, ayniqsa, qo‘shnilarga nisbatan kasallanish ko‘rsatkichining yuqori ekani, bizda statistik raqamlarni yashirishga urinishning yo‘qligini ko‘rsatadigan hol”, deydi Nurmat Otabekov
Ayni vaqtda O‘zbekistonning yaqin qo‘shnilarida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat quyidagicha:
Qozog‘iston:
Kasallanganlar – 106 920 nafar;
Sog‘ayganlar – 100 836 nafar;
Qurbonlar – 1 634 nafar.
Qirg‘iziston:
Kasallanganlar – 44 999 nafar;
Sog‘ayganlar – 41 103 nafar;
Qurbonlar – 1 063 nafar.
Tojikiston:
Kasallanganlar – 9 088 nafar;
Sog‘ayganlar – 7 853 nafar;
Qurbonlar – 72 nafar.
Afg‘oniston:
Kasallanganlar – 38 815 nafar;
Sog‘ayganlar – 32 098 nafar;
Qurbonlar – 1 426 nafar.
Turkmaniston esa hamon koronavirus bilan bog‘liq holat mamlakatda aniqlanmaganini iddao qilib kelmoqda.
O‘zbekistonda esa koronavirusga chalinganlar 48 192 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 44526 nafari yoki 92 foizi sog‘aygan. Ushbu kasallikdan vafot etganlar esa 400 nafarga yetdi. Ayni vaqtda mamlakatdagi shifoxonalarda 3 266 nafar bemorning davolanishi davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Nurmat Otabekov O‘zbekiston qaysi holatda kuchaytirilgan karantinga qaytishiga aniqlik kiritgandi.
LiveBarchasi