O‘zbekistonda Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi
Jamiyat
−
27 aprel 2023
4064O‘zbekistonda xalqaro ekspertlar ko‘magida tarixda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda bugun, 27 aprel kuni Xalqaro kongress markazida o‘tkazilgan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Bildirilishicha, investorlar huquqlarini sud orqali kafolatli himoya qilish borasida katta qadamlar qo‘yilmoqda.
Bundan buyon, tadbirkor va investorlar sudda o‘z talabining to‘g‘riligini isbotlashi shart emas. Endi davlat idorasi o‘z qarorining qonuniyligini isbotlab berishga majbur bo‘ladi. Yuzaga kelgan har qanday noaniqliklar esa investorlar foydasiga hal qilinadi.
"Joriy yilda ham tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo‘yicha islohotlarimiz davom ettiriladi. Jumladan, xalqaro ekspertlar ko‘magida tariximizda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi", dedi davlatimiz rahbari.
Davlat rahbari so‘zini davom ettirar ekan, ijro hokimiyati tizimida byurokratiyani kamaytirish, korrupsiyani yo‘q qilish, ixcham, samarali boshqaruvni joriy qilish maqsadida dadil ma’muriy islohot boshlanganini qayd etdi.
Shuningdek, davlatning biznesni tartibga solishga qaratilgan 500 ta funksiyasi bekor qilindi. Yana 70 ta funksiyasi xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik va autsorsing asosida o‘tkazildi. Hozirgi kunga qadar 132 ta litsenziya va ruxsat berishga oid hujjatlar bekor qilindi, 33 tasi bo‘yicha xabardor qilish tartibi kiritildi.
Investitsiya, sanoat va savdo vazirligida loyiha tashabbusidan boshlab, to uni ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda investorlarga “yagona darcha” orqali ko‘maklashish yo‘lga qo‘yildi.
Investorlar masalalarini tezkor hal etish, ularning davlat rahbari bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi ish boshladi.
“Men xorijiy kompaniyalar va tadbirkorlar bilan ko‘proq muloqot qilishga intilaman. Sizlarning g‘oya, taklif va tashabbuslaringiz menga kuch-g‘ayrat beradi, yangi islohotlarga undaydi. Shu bois, yangi-yangi investorlar bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazishga, sizlarning yurtimizdagi yutuqlaringizni shaxsan kafolatlashga tayyorman”, dedi Prezident.
Ta’kidlanishicha, mamlakat qonunlarida xalqaro arbitraj sudlari qarorlarini majburiy ijroga qaratish mexanizmlari mustahkamlab qo‘yildi.
LiveBarchasi