O‘zbekistonda qancha mahkum borligi aytildi
Jamiyat
−
12 yanvar 2021
13108O‘zbekistonda bugungi kunda 22 mingdan ortiq odam jazoni ijroni etish muassasalarida jazo muddatini o‘tamoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan fraksiyalararo amaliy muloqotiga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, tezkor-qidiruv, tergov sohasida qiynoqlarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlariga keltirilgan va ushlangan shaxslar bilan yangi tashkil etilgan 484ta so‘rovxonalarda suhbat va so‘rovlar o‘tkazilmoqda.
Tergov bo‘linmalarida videokuzatuv vositalarisiz hamda eshitish moslamalarisiz advokatlar o‘zlarining himoyasi ostidagi shaxs bilan holi uchrashishlari uchun alohida advokatlar xonalari tashkil etilgan. Tergov hibsxonalaridagi mavjud tergovchilar xonalariga jami 123 dona zamon talablariga javob beradigan ovoz yozishga mo‘ljallangan videokuzatuv vositalari o‘rnatildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda 54 ta jazoni ijro etish muassasalari mavjud. Shundan 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi manzil koloniya va 11 tasi tergov hibsxonalaridir. Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, jazoni ijro etish tizimida 22 mingdan ortiq, shundan 7 mingdan ortig‘i manzil koloniyada, 14 mingdan ortiq mahkumlar yopiq turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tamoqda.
2020 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, AQSHda har yuz ming odamdan 639 nafari, Rossiyada 340 nafari, Turkiyada 335 nafari, Belarusda 343 nafari, O‘zbekistonda 68 nafari jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tamoqda.
Shuningdek, jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni saqlash sharoitlarining shaffofligini ta’minlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida tizimdagi 54 ta jazoni ijro etish muassasalari 3 280 dona zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan. Shundan, 2 203 tasi jazoni ijro etish muassasasi yashash sahniga, 432 tasi ishlab chiqarish sahniga, 645 tasi tashqi ma’muriy hududga o‘rnatilgan.
Tadbir yakunida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari tomonidan bildirilgan takliflar umumlashtirilib, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan 2021 Davlat dasturiga kiritish uchun Ishchi guruhga yuborildi.
LiveBarchasi