O‘zbekistonda qachon anomal issiq bo‘lishi haqida prognozlar ochiqlandi

Bu qiziq

image

2024 yilning iyul hamda avgust oyi boshlarida O‘zbekistonda anomal issiqlik kuzatilishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti xabar berdi.

Unga ko‘ra, ob-havo prognozlarini tuzishda respublika hududlarini to‘rtta zonaga ajratib tuzish taklif etilgan. Bular G‘arbiy zona (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Buxoro viloyatlari), markaziy zona (Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlari), janubiy zona (Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari) hamda sharqiy zona (Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlari).

Keltirilishicha, respublikaning g‘arbiy qismi va cho‘llarda yozgi mavsumda harorat rejimi ko‘p yillik o‘rtacha qiymatdan 1-1.25 daraja yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Qolgan hududlarda mavsumiy havo harorati ko‘p yillik o‘rtacha qiymatlardan biroz yuqori (0.75-1 daraja) bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Iyul va avgust oyining boshlarida g‘ayritabiiy (anomal) issiqlik davrlari kuzatilishi, ba’zi kunlarda harorat uzoq muddatli o‘rtacha qiymatlardan sezilarli darajada ko‘tarilishi mumkin. Sharqiy zona (Farg‘ona vodiysi), Toshkent viloyatining tog‘li hududlari hamda Surxondaryo viloyatida butun yoz davomida havo harorati ko‘p yillik iqlimiy me’yor ko‘rsatkichlariga yaqin bo‘lishi aytilmoqda.

Shuningdek, iyun oyining birinchi va uchinchi dekadasi ayrim kunlarida O‘zbekiston bo‘ylab biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda. Tekislik hududlarida yozning qolgan oylarida yog‘ingarchilik deyarli bo‘lmaydi. Biroq respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida qisqa muddatli yog‘ingarchiliklar bo‘lish ehtimoli mavjud. Butun yoz davomida mintaqaning katta qismida yog‘ingarchilik miqdori ko‘p yillik o‘rtacha qiymatlarga yaqin bo‘lishini (90 – 110 foiz) prognoz qilinmoqda. Faqatgina, Farg‘ona viloyati janubi tog‘ va tog‘oldi hududlarida yog‘ingarchilik bilan bog‘liq ijobiy vaziyat (110 – 130 foiz) bo‘lishi kutilmoqda.

“Aksariyat jahon prognostik iqlim markazlarining prognoz modellariga ko‘ra, 2024 yilning yoz mavsumida Markaziy Osiyoning janubida (Qashqadaryo, Surxondaryo viloyati) harorat va yog‘ingarchilikda eng muhim ijobiy anomaliyalar, hatto yuqori namgarchilik bo‘lishi kutilmoqda. Bu hozirgi mavsumda janubiy mintaqalarda ham kuchli jala yog‘inlar hamda sel-suv toshqin xavflari saqlanishini anglatadi. Farg‘ona vodiysi viloyatlari tog‘ va tog‘oldi hududlarida qisqa muddatli mavsumiy yog‘ingarchiliklar ortidan sel-suv toshqin xavflari saqlanadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, hozirgi vaqtda kelgusi mavsum va oylar uchun tuziladigan ob-havo ma’lumotlarini tayyorlashning yuqori aniqlikdagi ishonchli usullari yo‘qligi tufayli, ularning aniqligi yozgi mavsum uchun harorat bo‘yicha 83-88 foizni, yog‘ingarchilik bo‘yicha 65-70 foizni tashkil etishi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qurbon hayiti kuni O‘zbekistonda qanday ob-havo kuzatilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston anomal issiq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing