O‘zbekistonda islomiy bank ochish talablari belgilandi
Jamiyat
−
21 iyul 3932 2 daqiqa
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish va an’anaviy banklarda “islomiy darcha” ochish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, vazirlik Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni joriy yilning 17 iyul kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, islomiy bank faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlariga islomiy bank tashkil etish, shuningdek, amaldagi banklarga “islomiy darcha” ochish uchun huquqiy asos yaratildi. Bunda islomiy banklar yoki “islomiy darcha” tashkil etishda quyidagi talablar bajarilishi shart bo‘ladi:
Islomiy moliya kengashi a’zolari Markaziy bank bilan kelishilgan bo‘lishi;
Islomiy bank faoliyatiga mas’ul rahbar xodim Markaziy bank talablariga javob berishi;
Islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak.
Hujjatda islomiy moliya kengashi tarkibiga ham talablar belgilangan. Unga ko‘ra, kengash kamida uch nafar a’zodan iborat bo‘lishi, jumladan rais va uning o‘rinbosari tegishli oliy ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
Kengash a’zolari uchun tajriba talablari ham o‘rnatildi. Jumladan, islom huquqi bo‘yicha mutaxassis a’zolar kamida 5 yillik tajribaga, moliya-iqtisod yoki yuridik yo‘nalishdagi texnik ekspertlar esa bank, moliya yoki huquq sohasida kamida 7 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, 2027 yil 1 iyuldan boshlab islomiy moliya kengashining barcha a’zolari Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya va audit tashkiloti (AAOIFI) tomonidan berilgan sertifikatlardan biriga ega bo‘lishi talab etiladi. Islom huquqi bo‘yicha mutaxassislar esa arab tilini bilishi va islom huquqiga oid manbalarni tushuna olishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, islomiy bank faoliyatiga mas’ul rahbar xodim bank yoki moliya tizimida kamida 7 yillik tajribaga, tegishli oliy ma’lumotga hamda AAOIFI sertifikatlaridan biriga ega bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, bank rahbar xodimlarining o‘z vazifalarini bajarishga kirishgani haqida Markaziy bankni 5 ish kuni ichida yozma ravishda xabardor qilish talabi bekor qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtiruvchi Markaziy bankning Islomiy moliya kengashi tashkil etilgan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust