O‘zbekistonda Islom Karimov xotira haftaligi o‘tkaziladi, “Oqsaroy”da ish qizg‘in
Jamiyat
−
23 avgust 2019
10113Bilasiz, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti vafotidan keyin u faoliyat yuritgan “Oqsaroy” qarorgohi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga aylantirildi. 2017 yilda ushbu majmua bog‘ida Islom Karimov siymosi aks etgan haykal o‘rnatildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan har yili Islom Karimov vafot etgan kunda Birinchi Prezidentni xotirlash marosimlari o‘tkazib kelinmoqda.
Ayni vaqtda poytaxtda joylashgan Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida ish qizg‘in. Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan majmuada ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Panjara va yoritgichlar bo‘yalib, atrof gullarga burkanmoqda.
Joriy yilning 26 avgust kuni majmuada O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotira haftaligi start oladi. Shu kuni Markaziy Osiyoda Tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda Islom Karimovning tarixiy o‘rni mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi. Anjuman 29 avgustga qadar davom etadi.
27 avgust kuni Toshkent fotolar uyida “O‘zbekiston xalqaro e’tirof yo‘lida” fotosuratlar ko‘rgazmasi, 28 avgust kuni Olimpiya shon-shuhrati muzeyida “Birinchi Prezident va sport” nomli fotoko‘rgazma, 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida Birinchi Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan “Iqtidorli yoshlarning chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash “Umid” jamg‘armasi” stipendiatlari bilan uchrashuv kechasi, 29 avgust kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti, Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi san’at saroyi, Asaka shahridagi Islom Karimov nomidagi avtomobil ishlab chiqarish zavodida, Moskva shahrida Islom Karimov xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik majmuasida xotira tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova ishtirok etadi.
Ma’lumki, Islom Karimov 2016 yilning 2 sentyabr kuni og‘ir xastalik sabab vafot etgan edi. Shu kuni an’anaga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat a’zolari, vazirliklar, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga o‘rnatilgan haykal poyiga gul qo‘yish marosimida ishtirok etishlari kutilmoqda.
O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotira tadbirlarida ikki yildirki Karimovlar oilasidan faqat marhumning rafiqasi Tatyana Karimova ishtirok etib kelmoqda. Oilaning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova hibsda. Kuni kecha unga davlat mulkini talon-toroj qilish, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zid bitimlar tuzish hamda o‘zgalarning juda ko‘p miqdordagi mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish holatlari yuzasidan navbatga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Kenja qiz – Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Lola Karimova-Tillyayeva esa oilasi bilan O‘zbekistonni tark etgan. U AQSHda istiqomat qilmoqda.
LiveBarchasi