O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi pasaydi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yillik inflyatsiya darajasi 2019 yil oxiridagi 15,2 foizdan 11,6 gacha pasaydi. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amalga oshirgan tahlillari yil so‘ngiga qadar inflyatsiya prognoz dinamikasining yanada sekinlashishini ko‘rsatmoqda.

Bu o‘z navbatida, inflyatsiya darajasi pasayib borgani sari ijobiy real foiz stavkalar darajasini ham bir maromda maqbullashtirib borishni talab etadi.

“Iqtisodiy faollikning sekinlashuvi sharoitida ijobiy foiz stavkalarining juda ham yuqori darajada bo‘lishi iqtisodiyotda ishlab chiqarish va investitsion jarayonlarni sekinlashtirishga olib kelishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan, ushbu qaror pandemiya sharoitida inflyatsiyani pasaytirish va iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi, degan umiddamiz”, deydi regulyator rahbari.

Joriy yil yakunigacha inflyatsiyani keskin oshiruvchi omillarning nisbatan kamligi pul-kredit sharoitlarini inflyatsion xatarlarni yuzaga keltirmasdan yumshatish imkonini beradi.

“Agar 2019 yil yakunida yillik inflyatsiya darajasi 15,2 foiz bo‘lgan bo‘lsa, avgust oyiga kelib 11,6 foizgacha sekinlashdi va biz belgilagan maqsadli trayektoriyadan past bo‘ldi”, deydi Mamarizo Nurmurotov.

O‘tgan 8 oydagi inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasining shakllanishi asosan:

•    tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarishsiz qolganligi;
•    karantin cheklovlarining ichki talabga hamda aholi daromadlari va bandlik darajasiga pasaytiruvchi ta’siri;
•    meva-sabzavotlar narxlarining mavsumiy pasayishi;
•    iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining o‘tgan yilga nisbatan sekinroq sur’atlarda o‘sganligi;
•    valyuta kursining aprel oyidagi devalvatsiyasidan keyingi oylarda barqarorlashuvi va boshqalar bilan izohlanadi.

Monetar omillar nuqtai-nazaridan qaralsa, iqtisodiyotda pul taklifini o‘sishiga olib keluvchi omillar, ya’ni kreditlarni o‘sishi, iqtisodiyotga qo‘shimcha likvidlilik chiqarish sur’atlari o‘tgan yilga nisbatan birmuncha sekinlashgan. Asosan fiskal tabdirlar, xususan, pandemiya sharoitida byudjet xarajatlarining daromadlariga nisbatan yuqori sur’atlarda amalga oshirilishi ma’lum bir jihatdan pul massasi o‘sishiga sabab bo‘lgan.

2020 yilning I yarim yilligida byudjet xarajatlari 64,8 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,7 trln. so‘mga yuqori bo‘ldi.

Banklarni kredit ajratish faoliyatiga to‘xtalib, 2020 yilning 8 oyi davomida tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 40,7 trln. so‘mga (24,2 foiz) va aholiga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 10 trln. so‘mga (25,3 foiz) o‘sganligini qayd etish mumkin.

Yillik inflyatsiya tarkibida nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 8 foizga va xizmatlar tariflari 7,5 foizga o‘sib, umumiy inflyatsiyani pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxi esa 16,8 foizga, ya’ni nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sib, umumiy narxlarga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatdi.

Yana bir muhim ko‘rsatkich – bu iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar.

Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari joriy yil iyul oyidagi o‘sishdan so‘ng sezilarli darajada pasaydi.

Biroq inflyatsion kutilmalar va amaldagi inflyatsiya o‘rtasidagi farq joriy yil mart oyidan buyon yuqori darajada saqlanib qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank inflyatsiya

Baholaganlar

64

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing