O‘zbekistonda ilk bor velosport bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkaziladi
Sport
−
16 aprel 2019
3876Joriy yilning 22-28 aprel kunlari O‘zbekistonda velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Qayd etilishicha, velosiped sportining shosse yo‘nalishi bo‘yicha kattalar, o‘smirlar va paralimpiyachilar o‘rtasida Osiyo chempionati O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilmoqda.
Mazkur musobaqa erkak va ayol sportchilar uchun 2020 yil Tokio (Yaponiya) shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma (litsenziya) olish imkonini beradi.
Osiyo chempionatida Xitoy, BAA, Filippin, Yaponiya, Tailand, Janubiy Koreya, Vetnam, Hindiston, Gongkong, Mo‘g‘uliston, Iordaniya, Eron, Saudiya Arabistoni, Yaman, Malayziya, Livan kabi 36 davlatdan 520 nafar sportchi ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Musobaqa munosabati bilan Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) prezidenti David Laparten va Osiyo Velosport Konfederatsiyasi (ASS) prezidenti Osama Ahmad Al-Shafar rahbarligidagi nufuzli delegatsiyalar tashrifi kutilmoqda.
Chempionat tadbirlari doirasida, aniqrog‘i 26 aprel kuni Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Osiyo velosiped sporti konfederatsiyasining navbatdagi Kongressi ham o‘tkaziladi.
Poygalar dastlab to‘rt kun davomida G‘azalkent shahri hududida kechadi, so‘nggi ikki kun Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasi yonidan start oladi. Marra chizig‘i Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Bildirsoy” dam olish oromgohi yaqinida va Sijjak qishlog‘i hududida belgilanadi. Musobaqa jarayonlarini vertolyotlar yordamida tasvirga olib, efirga uzatish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport, xususan velosiped sportini yanada ommalashtirish va rivojlantirish, milliy terma jamoa zaxirasini shakllantirish uchun katta ahamiyatga ega.
LiveBarchasi