O‘zbekistonda “egasiz jasadlar” nima qilinadi?

Intervyu

image

Yaqinda Qirg‘izistonda qarindoshlari yoki yaqinlari tomonidan so‘ralmagan (egasiz) jasadlarni tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga topshirish taklif qilindi. Tashabbuskor Jogorku Kenesh deputati Jildiz Sadirboyevaga ko‘ra, 30 kun ichida qarindoshlari tomonidan da’vo qilinmagan jasadlar tibbiyot bilim yurtlariga berilsa, talabalar anatomik materiallar bilan ishlashda ko‘nikma hosil qiladi hamda sifatli tibbiy ta’lim, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarga kompleks yondashuvni ta’minlaydi.

Bu jarayonning O‘zbekistonda qanday tashkillashtirilishi, so‘ralmagan jasadlar taqdiri, ekspertiza xulosasidan norozilik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan “hamkorlik” kabi savollarga javob olish uchun Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori Sherzod Ro‘ziyev bilan suhbatlashdik.

Iqbol Ergashova, muxbir: — O‘zbekistonda so‘rab kelinmagan jasadlar bo‘yicha mavjud tartib haqida gapirib bersangiz.

Sherzod Ro‘ziyev, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, professor: — O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga ko‘ra, inson jasadi ustida tekshirishlar olib borish jinoyat hisoblanadi va biz so‘ralmagan murdalarni oliygohlarga bermaymiz. Hozir hamkorlik doirasida Qirg‘izistonda bo‘lib turibmiz, lekin bizga bu tashabbus haqida aytishmadi. Aytib o‘tishim kerakki, ular bizning namunamizda ilmiy markaz ochishmoqchi.

O‘zbekistonda bu jarayonning qanday olib borilishiga kelsak, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2012 yil 1 iyundagi 153-son buyrug‘ining V bobida Sud-tibbiy murdaxonalarda murdalarni qabul qilish, qayd qilish, saqlash va berish tartibi keltirilgan bo‘lib, uning 68-bandida noma’lum shaxslar murdasi saqlanishi yetti kundan oshmasligi to‘g‘risida ta’kidlangan. Ularni dafn etishni Ichki ishlar yoki prokuratura idoralari ta’minlaydi.

Bunday holatlarda “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasiga muvofiq joylardagi davlat hokimiyat idoralari tomonidan, qonunchilikda ko‘zda tutilgan tartibda tashkil etilgan maxsus xizmat tomonidan dafn ishlari amalga oshiriladi. Murdalar milliy va etnik urf-odatlarga mos tarzda yuvilgan va kiyintirilgan holda, zarur holatlarda ko‘mishni amalga oshirayotgan shaxslar tomonidan keltirilgan tobutlarda beriladi.

I.E.: — Sud-tibbiy ekspertizaga olib kelinayotgan jasadlarning o‘lim sabablari ko‘pincha qanday omillar bilan bog‘liqligi kuzatilmoqda?

Sh.R.: — Sud-tibbiy ekspertizasi uchun asosan, avtotravma holatlari, ya’ni YTH yoxud yengil yoki og‘ir yuk mashinalari urib yuborishi oqibatida vafot etganlarning jasadlari olib kelinmoqda, deyish mumkin. Yana shuni ta’kidlash kerakki,  balandlikdan yiqilish yoki biror jism tushib ketishi kabi baxtsiz hodisalar oqibatida vafot etgan shaxslarning ham jasadlari olib kelinadi. Undan tashqari, kasallik tufayli  sodir bo‘ladigan o‘lim holatlari ham nisbatan ko‘proq uchraydi.

I.E.: — Ba’zida “sud-tibbiy ekspertlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar (HMQO) bilan “hamkorlik” qiladi” degan da’volar quloqqa chalinadi. Siz bunga nima deysiz? 

Sh.R.: —  Bunday holatlar kuzatilmaydi. To‘g‘ri, biz HMQO bilan ishlaymiz, lekin bu ular bilan til biriktirib ish olib boradi degani emas. Har bir sud-tibbiy eksperti qonun hujjatlariga tayangan holda ish olib boradi. Masalan, Jinoyat-protsessual kodeksi (JPK) ning 172-moddasida  ekspertiza tayinlash uchun asoslar keltirilgan. Unda ekspert oldiga qo‘yilgan savollar va uning bergan xulosasi ekspertning maxsus bilimlari doirasidan tashqariga chiqishi mumkin emasligi belgilangan. Kodeksning 173-moddasi esa ekspertiza tayinlash va o‘tkazishning shartligi to‘g‘risida bo‘lib, unda o‘limning sababini, yetkazilgan tan jarohatlarining xususiyati va og‘irlik darajasi keltirilishi shartligi ta’kidlangan. Kodeksning 180-moddasiga ko‘ra, ekspertiza tayinlash to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Unda:

  • ekspertiza tayinlash uchun asos bo‘lgan sabablar;
  • ekspertizaga yuborilayotgan ashyoviy dalillar va boshqa ob’ektlar, ularning qachon, qayerda va qaysi holatda topilganligi va olinganligi;
  • ish materiallari bo‘yicha ekspertiza o‘tkazishda esa ekspert xulosasi asoslanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar;
  • ekspert oldiga qo‘yilgan savollar;
  • ekspertiza muassasasining nomi yoki ekspertiza o‘tkazish topshirilgan shaxsning familiyasi ko‘rsatilishi lozimligi aytilgan.

Qolaversa, boshqa yana bir necha qonunlar xususan, Jinoyat kodeksining 238-moddasi (Yolg‘on guvohlik berish); 240-moddasi (Jinoyat protsessini yuritish qatnashchilarining o‘z zimmasidagi vazifani bajarishdan bo‘yin tovlashi) kabilar ham sud-tibbiy ekspertlari faoliyatini nazorat qiladi.

I.E.: — Ba’zi shaxslarda sud-tibbiy ekspertiza xulosasidan norozilik holatlari ham uchrab turadi. Bunda ular tutishi mumkin bo‘lgan yo‘llar qanday?

Sh.R.: — JPKning 176-moddasiga ko‘ra, quyidagi hollarda:

  • ekspert xulosasi asoslantirilmaganda yoki uning to‘g‘riligiga shubha tug‘ilganda
  • unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda
  • ekspertizani o‘tkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda

qayta ekspertiza o‘tkazish bo‘yicha ariza bilan ichki ishlar yoki prokuraturaga murojaat qilinishi mumkin.

I.E.: — Sud-tibbiy eksperti bo‘lish uchun qanday bilim va mahoratlar kerak? Bu kasbning ruhiyatga qanday ta’sir qilishi, ishdan keyingi psixologik charchoqlar haqida gapirib bersangiz.

Sh.R.: — Tibbiyot oliygohidan so‘ng magistratura yoki klinik ordinaturani tamomlab shu sohada faoliyat olib borish mumkin. Davlat sud eksperti maqomini olishi uchun esa attestatsiyadan o‘tish orqali olinadigan umumiy profildagi guvohnomaga ega bo‘lish kerak. Umuman olganda, bu kasbni egallash uchun nafaqat tibbiyotning barcha yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish, balki boshqa sohalardan ham xabardor bo‘lish talab etiladi.

Albatta, ish jarayonida jismoniy va psixologik charchoqlar kuzatilishi tabiiy. Ko‘pchilik sud-tibbiy ekspertlariga “ishingiz qiyin emasmi” deb savol beradi. To‘g‘ri, qiyin. Ba’zilar esa “ishdan keyin spirtli ichimlik ichmasangiz, bo‘lmasa kerak” deydi. Bu esa noto‘g‘ri qarash. Hozirgi kunda ekspertlarmiz orasida bunday xodimlar yo‘q deb bemalol ayta olamiz. Ular dam olish kunlarini tinch-totuvlik bilan oila davrasida o‘tkazish orqali ishdagi ruxiy charchoqdan xalos bo‘ladi.  Ba’zilari esa ishdan bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug‘ullanadi. To‘g‘risini aytganda, ishdan maqsad – ota-onani rozi qilish va farzandlarni to‘g‘ri, halol o‘stirib, yedirib-ichirish hamda vatanga foydasi tegadigan barkamol avlodlarni tarbiyalash!

I.E.: — Siz duch kelgan eng noodatiy yoki esda qolarli ekspertiza ishi haqida aytib bera olasizmi?

Sh.R.: —  Ha, albatta. Ishda bunday holatlar juda ko‘p bo‘ladi. Misol uchun bir voqeani aytsam. Ekspertiza uchun katta yoshdagi erkakning murdasini olib kelishdi. Uning qonida zaharli moddalar bor-yo‘qligini tekshirish maqsadida olingan namunalar laboratoriyaga jo‘natildi. Tahlil natijalari jasadning qonida zaharli modda topilganini ko‘rsatdi. Tergov xodimlari tomonidan surishtirilganida erkakka bu zaharni o‘zining kelini  ovqatga qo‘shib bergani ma’lum bo‘ldi. Kelindan nega bunday qilgani so‘ralganida, u bu ishni “chol tezroq o‘lsa, hamma boyliklar erim ikkimizga qolardi. Bundan tashqari, uning ovqatini tayyorlab, kir kiyimlarini yuvishimga ham hojat qolmasdi” degan maqsadda qilganini aytgan. Bizda hamma holat yuzasidan odilona baho beriladi va HMQO xodimlari o‘z ishlarini sidqi dildan bajargani uchun shu kunga qadar barcha jinoyatlar ochilmoqda.

I.E.: — Ilmiy markazning qo‘shni yoki boshqa davlatlar bilan hamkorlik aloqalari qanday?

Sh.R.: — Markaz hozirgi kunda respublikadagi barcha tibbiyot institutlari bilan hamkorlik qiladi. Qolaversa, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston  Respublikalari va Rossiya kabi chet davlat sud-tibbiy ekspertiza markazlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Har yili tajriba almashish maqsadida mazkur davlat ekspertlari tashrif buyuradi va bizning ekspertlarimiz ham doimiy ravishda xorij safarlariga borib, tajriba almashib qaytadi. Ilmiy izlanishlarga kelsak, Tojikiston sud-tibbiy ekspertlari bizning markazda mustaqil izlanuvchilik institutiga qabul qilingan va ilmiy ish bilan shug‘ullanishmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

sud-tibbiy ekspertiza Sherzod Ro'ziev ekspertiza xulosasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar