Zaxarovacha provokatsiya. Navbat tilga keldimi?
Olam
−
15 may 2020
15875O‘zbekistonning davlat idoralarida rus tilidan foydalanish Respublika fuqarolarining manfaatlariga javob beradi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
Bugun, 15 may kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan brifingda vazirlik vakili O‘zbekiston idoralarida hujjat yuritishda davlat tilidan foydalanish shartligini ko‘zlovchi qaror loyihasiga izoh berib o‘tdi. Uning fikricha, ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlovchilar mamlakatda ozchilikni tashkil qiladi.
“Biz yuqoridagi qonun loyihasi sabab ommaviy axborot vositalarida yuzaga kelgan tortishuvlarga e’tibor qaratdik. Aftidan, uning tarafdorlari hozirda ozchilikdir. Izohlarning aksariyati rus tilining rasmiy tartibda to‘liq saqlanib qolganligidan dalolat beradi “, deydi diplomat.
Zaxarova brifing davomida “Rossiyada ishlashni afzal ko‘ruvchi“ o‘zbekistonliklarni bu qarorga munosabatini ta’kidlab o‘tdi.
“Bu (idoralarda rus tilidan foydalanish) tarix ruhiga, ikki tomonlama munosabatlarning zamonaviy sifatiga, eng muhimi, ko‘pincha Rossiyada o‘qish va ishlashni afzal biladigan O‘zbekiston fuqarolarining manfaatlariga to‘la mos keladi”, deydi Zaxarova.
Zaxarova, shuningdek, O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish dasturini yaratish bo‘yicha faol qo‘shma ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
“Biz o‘quv materiallari, badiiy adabiyotlar sonini ko‘paytirish, qo‘shimcha rus tilidagi markazlarni ochish, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziga rossiyalik mutaxassislarni yuborish, shuningdek, Rossiya universitetlarida rus filologiyasi va ilmiy darajasiga ega bo‘lgan o‘zbekistonlik abituriyentlar uchun byudjet kvotalarni ko‘paytirish haqida muzokaralar olib boryapmiz“, deydi vazirlik vakili.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinmoqda. Qonun loyihasida rasmiy idoralarda o‘zbek tilidan foydalanmaslik uchun jarima solinishni taklif qilmoqda.
LiveBarchasi