O‘zbekistonda COVID-19 yuqtirgan 4 bemor og‘ir ahvolda
Jamiyat
−
29 mart 2020
16732O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning 4 nafarining ahvoli og‘ir deb baholanyapti. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
“Hozirgina Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti rahbariyati bilan bo‘lgan suhbatimizga ko‘ra, bemorlarning 19 nafarida pnevmoniya kuzatilib, 4 nafari og‘ir, 2 nafari esa nisbiy og‘irroq deb baholanmoqda”, dedi Otabekov.
U 7 nafar bemorning davolangani va reabilitatsiya markaziga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Otabekov kasallikning keng miqyosda tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun fuqarolarni uyga qolishga chaqirdi.
“Har bir bemor tibbiy nazorat ostida bo‘lib, tegishli muolajalarni olmoqda. Quvonarlisi, bugun 7 nafar dastlabki sog‘aygan bemorlarimiz shifoxonadan chiqarilib, reabilitatsiya markaziga o‘tkazilyapti. Bu O‘zbekiston tibbiyotining katta yutuqlaridan biri. Bu kabi xushxabarlar ko‘p bo‘lishiga umid qilamiz.
Ammo xalqimiz, yaqinlarimizning salomatligini saqlash burchimiz ekanini bir zum ham unutmaylik! Qattiq tartib-intizom va karantin tadbirlariga jiddiy rioya qilish orqali vaziyatni barqaror ushlab qolishimiz mumkin. Imkon qadar uyda qoling, ortiqcha ehtiyoj bo‘lmasa ko‘chaga chiqmang, munosabatlarni, muloqotlarni keskin kamaytiring.
Uyda bo‘lib, infeksiyaning ko‘chadan kirib kelishiga yo‘l qo‘ymasangiz xavfsiz bo‘lasiz. Bir qarashda oddiy, ammo juda ham zarur bo‘lgan ushbu talablar ijrosi ta’minlanishi natijasida kasallik keng tarqalib ketmasligi isbotlangan va tasdiqlangan amaliyotdir”, deydi Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtga kelib, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 133 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor