O‘zbekistonda chang-bo‘ronlari yana kuzatiladimi? Bu ofatning sababi nimada?
Jamiyat
−
26 yanvar 2022
12302O‘zbekistonda yana kuchli chang-bo‘roni kuzatilishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi mutaxassisi Erkin Abdulahatov QALAMPIR.UZ ga ma’lum qildi.
“Tabiatda chang-bo‘ronlari uch xil ko‘rinishda bo‘ladi. Mahalliy, mintaqaviy va global changlardir. O‘zbekistonda hozirgacha global chang-bo‘ronlari kuzatilgani va ro‘yxatga olingani yo‘q. Mintaqaviy chang-bo‘ronlari esa kuzatiladi. Mintaqaviy bo‘ronlar Surxondaryo janubi, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ko‘proq kuzatiladi. Shu bilan birga Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy va Jizzax viloyatlarida ham tez-tez mintaqaviy chang bo‘ronlari kuzatiladi. Mintaqaviy chang bo‘roni nomidan ham ma’lumki, chegaradosh davlatlardagi qum va chang zarrachalarining havoga ko‘tariladi hamda davomli kuchli shamollar oqibatida O‘zbekistonga ham kirib keladi.
2021 yilning 4-8 noyabr kunlari Toshkent shahri va Toshkent viloyati Farg‘ona vodiysi qo‘shni Tojikistonning Sug‘d viloyati hamda Qozog‘istonning janubiy tomonida ham kuchli mintaqaviy chang-bo‘roni kuzatildi. Shamol kuchli bo‘lishining asosiy sababi esa shimoliy oqim, hamda janubdagi nam havo massalari bir-biri bilan to‘qnashishi natijasida frontal, ya’ni davomli bo‘lishidadir. Janubiy Qozog‘iston viloyatlarida kuchli shamol esgan. 2021 yilda Janubiy Qozog‘iston viloyatida juda kuchli qurg‘oqchilik kuzatildi. 6 oy davomida deyarli yog‘ingarchilik bo‘lmadi. Harorat ham yuqori bo‘lgani sababli cho‘llashish jarayoni kuchaygan. Shuning natijasida Toshkentda ham 1 km balandlikka ega bo‘lgan chang bo‘ronlari kuzatildi”, deydi mutaxassis.
Erkin Abdulahatov so‘zida davom etib, 2021 yil noyabr oyida O‘zbekistonda kuzatilgan chang-bo‘roniga sabab bo‘lgan omillar va uning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rish kerakligi haqida fikr bildirdi.
“Chang-bo‘roni kuzatilganida fuqarolar Toshkent shahrida qurilish ko‘paygani va daraxtlarning kesilishi bu kabi bo‘ronlarga sabab ekanini aytishdi. Bir narsani alohida aytish lozim, mintaqaviy chang-bo‘ronlari qurilish ko‘pligi yoki daraxtlar kamligiga qarab bo‘lmaydi. Mahalliy chang-bo‘ronlari o‘zimizda hosil bo‘lib, 100-200 metrgacha ko‘tariladi. Bu holatga qurilishlar va daraxtlar kesilishini qisman sabab deb ko‘rsatish mumkin. Shuning uchun ham daraxtlarni kesmasligimiz kerak.
Bugungi kunda O‘zbekistonda mintaqaviy chang-bo‘ronining oldini olish uchun har bitta hududda “Yashil makon” loyihasi asosida daraxt ekish ishlari boshlangan. Daraxtni nafaqat biz, balki qo‘shni davlatlar ham ekishi kerak. Agar hamma joyda yashillik ta’minlansa, cho‘l hududlariga saksovullar, chang uchishining moyilligini kamaytiradigan o‘simliklar ekiladigan bo‘lsa, mintaqaviy chang-bo‘roni hosil bo‘lishi ehtimoli kamayishi mumkin”, deydi u.
Suhbat davomida Gidrometeorologiya xizmati markazi mutaxassisi Erkin Abdulahatovdan “2021 yil O‘zbekistonda kuzatilgan chang-bo‘roni yana sodir bo‘lishi mumkinmi?”, deb so‘radik.
“Albatta, sababi biz iqlim o‘zgarishini ko‘ryapmiz. Chang-bo‘roni ilgari bahor yoki yoz oylarida kuzatilgan bo‘lsa, bugungi kunda qish oylarida ham kuzatilyapti. Masalan, Qarshi, Samarqand, Navoiy va Surxondaryoda kuzatildi hamda xavflilik darajasi ortib ketdi. Qaysidir davlatlarda suv toshqini yoki o‘rmon yong‘inlari bo‘layotgan bo‘lsa, bizda qurg‘oqchilikning ortidan chang-bo‘roni xavfi ortib ketishi taxmin qilinyapti”, deydi u.
LiveBarchasi