O‘zbekistonda bolalar orasida koronavirusga chalinish holatlari ortmoqda – Oqilov
Jamiyat
−
20 Sentabr 2020
20055O‘zbekistonda pediatrik koykalar zaxirasi hozirlanyapti. Bunga maktablar ochila boshlagani fonida bolalar orasida ham koronavirusga chalinish holatlari kuzatilayotgani sabab bo‘ldi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibullo Oqilov ma’lum qildi.
“Mana, maktablar ishlashni boshladi. Tabiiyki, kasallanish soni bugunga kelib oshib bormoqda. Ming afsus, O‘zbekistonda oldin bolalar [koronavirus bilan] deyarli kasal bo‘lmayotgandi, hozir bolalar kontingentining ichida ham kasallanish bor.
Shuning uchun biz pediatrik koykalar zaxirasini tayyorlayapmiz. Pediatr kadrlarni ham tayyorlash rejalashtirilgan”, dedi Oqilov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, 17 sentyabr kuni O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar orasida COVID-19 dan birinchi o‘lim haqida rasmiy ma’lumot berildi. Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahrida yashagan 11 yoshli o‘g‘il bola koronavirus asoratlaridan vafot etdi.
Bundan avval Navoiy viloyatida 14 yashar bola ham koronavirusdan vafot etgandi. Ammo bu haqda vazirlik rasmiy ma’lumot bermagandi.