Plakvenil mojarosi: O‘zbekiston siyosiy o‘yinga aralashganmi?
Tahlil
−
04 avgust 2020
58691O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat kundan kunga avj olmoqda. Rasmiy hisob kitoblarga ko‘ra mamlakatda bemorlar 26 550 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 17 262 nafari yoki 65 foizi sog‘aygan, 161 kishi vafot etgan.
Plakvenil yana qaytdi, qaytarildi
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi va Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi tomonidan bugungacha yangi turdagi koronavirus infeksiyasi COVID-19 ni davolash bo‘yicha 6 ta qo‘llanma ishlab chiqildi. 3 avgust kuni 6-qo‘llanma haqida mutasaddilar – Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov, Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zolari Habibullo Oqilov, Anvar Alimov ishtirok etib, ma’lumot berdilar. Yangi qo‘llanmaga o‘tgan safar rad etilgan Plakvenil yoki Gidroksixloroxin dorisi yana kiritilgan.
Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zolarining fikricha, mamlakatda amalga oshirilayotgan davolash jarayonlarida Plakvenil yoki Gidroksixloroxin dori vositasining samarasi yuqori. Biroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va koronavirus bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan ko‘plab olimlar allaqachon ushbu dorining samarasini rad etmoqda. Birgina misol: AQSHning bosh infeksionisti Entoni Fauchi joriy yilning 31 iyul kuni Kongressning Vakillar palatasida koronavirus inqirozi bo‘yicha tuzilgan komissiya oldida hisobot berib, Plakvenil yoki Gidroksixloroxin preparatining koronavirusni davolashda samarali ekanini rad etdi.
O‘zbekistonda ham ushbu dori yuzasidan bahs va tortishuvlar ortib bormoqda. O‘tgan oy o‘rtalarida “Defactum laboratories” tibbiyot klinikasi klinik immunolog-infeksionist, tibbiyot fanlari nomzodi Aziza Xo‘jayeva “Milliy” telekanali orqali efirga uzatilgan “Tez yordam” ko‘rsatuvidagi chiqishida koronavirusga qarshi kurashishda ushbu dorini qo‘llab bo‘lmasligini aytgandi. Mutaxassis Plakvenil yoki Gidroksixloroxinni nojo‘ya ta’sirining xavfi yuqori bo‘lgan vositalar qatoriga kiritdi.
Plakvenilni rad etgan shifokorga tahdid qilindi
Ushbu ko‘rsatuvda Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliĭ palatasi tibbiĭ standart va protokollarni ishlab chiqarish bŭлими boshlig‘i Klara Tohirovna Yodgorova ham qatnashib, mazkur dorining samarasiga nisbatan e’tiroz bildirdi. Plakvenil yoki Gidroksixloroxin dori vositasining koronavirusni davolamasligi va ba’zi hollarda inson salomatligiga zarar keltirishini aytib chiqqan Yodgorova, hatto, tahdidlarga ham uchradi
“Notanish odamlar qo‘ng‘iroq qilib, “ehtiyot bo‘ling opajon”, deyishdi", deydi Yodgorova.
Klara Yodgorova JSST ham o‘z qo‘llanmalarida ushbu doridan koronavirusni davolashda foydalanmaslik kerakligini baralla aytgan va ularni O‘zbekistondagi protokollardan ham chiqartirib tashlashga erishgan.
Bundan avvalroq, Klara Yodgorova pandemiya boshida koronavirusni davolash uchun aniq dori vositasi yo‘q bo‘lgani uchun xloroxin, gidroksixloroxin, azitramitsin kabilarni qo‘llash boshlanganini aytgandi. Ammo o‘rganishlar natijasida olimlar bu dorilarning nafaqat samara bermasligi, balki bemorlarda o‘lim xavfini oshirishi mumkinligini aniqlashgan.
Aslida O‘zbekistonda 13 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov buyrug‘i bilan tasdiqlanib, chop etilgan 5-qo‘llanmadan Plakvenil yoki Gidroksixloroxin dorisi olib tashlangan. Biroq, ushbu dori uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatiladigan dorilar to‘plamiga kiritilganicha qolgan.
O‘shanda Yodgorova Plakvenil yoki Gidroksixloroxinni uyda davolanayotgan bemorlarga bepul tarqatilayotganiga ham qarshi chiqib, shunday degan edi:
“O‘zbekistondagi barcha tibbiyot muassasalari – SSV tizimidagi shifoxonalar ham, xususiy shifoxonalar ham oxirgi tasdiqlangan davolash qo‘llanmasiga rioya qilgan holda ish ko‘rishi shart. O‘ylaymanki, Respublika maxsus komissiyasi yangi qo‘llanmaga asoslangan holda bepul tarqatiladigan dorilar to‘plamini qayta ko‘rib chiqib, bu dorini tarqatishni to‘xtatadi”.
Eng qizig‘i, kichik yo‘l-transport hodisasidan tortib, mayda o‘g‘irliklar haqida ma’lumot berishga odatlangan Ichki ishlar vazirligi ham, har narsaga munosabat bildirishga usta bo‘lgan Bosh prokuratura ham Yodgorovaga tahdid bo‘yicha sukut saqlamoqda.
Plakvenilni yoqlayotganlar kim?
Ushbu tortishuvlardan keyin biroz isitmalab, yo‘talsa dorixonaga yugurib, duch kelgan dorini kaftlab ichidiganlar ham, koronavirusga chalinib, shifoxonadan tortib, uyda davolanayotganlar ham dori ichishda, ayniqsa, shifokorlar qo‘liga tutqazib ketayotgan vositalarni iste’mol qilishda ehtiyotkor bo‘lib qoldi. Chunki hujjat va mutaxassislarning gaplari o‘zaro mutanosiblikni yo‘qotdi.
3 avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda 6-qo‘llanmaga Plakvenil yoki Gidroksixloroxin dori vositasi yana kiritilgani aytilib, ushbu dorini Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zolari Habibullo Oqilov, Anvar Alimov, "Dori-Darmon" AK boshqaruvi raisi Umida Salixboyeva “tish-tirnog‘i” bilan himoya qildi. Mutaxassislarning fikricha, ko‘plab mamlakatlar voz kechganiga va JSST mazkur dorining samarasini rad etganiga qaramay, ushbu dori O‘zbekiston tajribasida o‘z samarasini ko‘rsatib kelmoqda.
Habibullo Oqilov protokollar kuchli mutaxassislar tomonidan tayyorlanayotganini aytib, bu dorini rad qilayotgan shifokorlarni, hatto, tanimasligini urg‘uladi. Uning fikricha, telekanllarga chiqib gapirayotgan shifokorlarning professorlarga aql o‘rgatishga haqqi yo‘q.
“Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori, professor Erkin Musaboyev, Tibbiyot akademiyasi rektori, professor Laziz To‘ychiyev, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti rektori Botir Tojiyev, professor Asomiddin Komilov kabi olimlar shu qo‘llanmani ishlab chiqib, hayotga tatbiq qilmoqda. Siz aytayotgan shifokorlar kimligini men umuman bilmayman. Ular bularga aql o‘rgatishi mumkinmi? Shu mantiqqa to‘g‘ri keladimi? Shuning uchun mana shu dorini ichib tuzalganlar bilan gaplashish kerak. Dorini ichmasdan og‘irlashib qolganlarni ko‘rish kerak. Shundan kelib chiqib, to‘g‘ri xulosa qilish kerak”, deydi Oqilov.
Plakvenil – bu siyosiy masala
Plakvenil yoki Gidroksixloroxin dori vositasidan asosan bezgakka qarshi foydalanib kelingan. Keyinroq, undan koronavirusga qarshi foydalanish boshlandi. Biroq, ushbu dori vositasining yurak xastaligini keltirib chiqarishi va boshqa kasalliklarga ham sabab bo‘lishi, koronavirusga chalingan bemorlarni erta o‘limga yetaklashi ma’lum qilindi.
Joriy yilning 17 iyun kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Plakvenil yoki Gidroksixloroxin dori vositasini koronavirusga qarshi dorilar ro‘yxatidan olib tashlash bo‘yicha qaror qabul qildi. Shundan so‘ng JSST butun dunyoga ushbu dorining samarasiz ekani haqida jar soldi. Biroq, O‘zbekiston protokollardan bir muddat ushbu dorini chiqarib tashladiyu yana foydalanishni boshladi. Xo‘sh, pandemiya og‘ir kechayotgan, xususan karantin cheklovlariga ikkinchi bor qaytgan O‘zbekiston nima uchun JSSTning ogohlantirishini qabul qilmadi?
Oqilov va Alimovning fikrlari tadqiqotlarga emas, ko‘proq AQSH Prezidenti Donald Tramp va Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaruning ushbu dorini ichganiga asoslanishi kishining hayajonini orttiradi. Nahotki, ular mif va asotirlarga ishonsa? Yo Tramp va Bolsonaru bu dorilarni qabul qilayotganda, ikki professor ularga suv tutib turganmi? Jumladan Anvar Alimov shunday deydi:
“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Gidroksixloroxinni ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhini tashkil etdi. Ammo oxirigacha yetkazmasdan bu tekshiruvlar to‘xtatilgani to‘g‘risida 3 iyun kuni ma’lumot berdi. Keyin barcha mamlakatlarga “Lancet” jurnalida e’lon qilingan maqolani ko‘rib chiqinglar, deb tavsiya berdi.
JSSTda tekshiruvlarni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi. Oradan bir hafta o‘tib, “biz bu tekshiruvlarni to‘xtatyapmiz, natijasi hali noma’lum, biz bu masalaga yana qaytamiz”, degan izoh bilan tekshiruvlarni to‘xtatdi. Bu siyosiy masala”.
Oqilovga ko‘ra, JSST faqat tavsiya berishi mumkin, topshiriq emas. Uni qabul qilish ixtiyoriy. O‘zbekistonning esa koronavirus bilan kurash borasida yetarli tajribasi bor va boshqalarning tajribasini o‘rganish shart emas degani. To‘xtang, janob Oqilov! Boshqalarning tajribasini o‘rganish shart bo‘lmasa, nega Tramp va Bolsonaruga qarab fikr yurityapsiz? Nega bir hafta avval turkiyalik mutaxassislarni O‘zbekistonga taklif qildinglar?
“Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti topshiriq beradigan tashkilot emas, u faqat tavsiya berishi mumkin. Uni qabul qilish yo qilmaslik har bir davlatning o‘ziga bog‘liq. O‘zbekiston mart oyidan to bugungacha o‘zining yaxshi tajribasiga ega bo‘ldi. Shuning uchun biz boshqalarning tajribasiga qaramasak ham bo‘ladi. Bizning tajribamizga ko‘ra, Plakvenil yoki Gidroksixloroxin o‘z samarasini ko‘rsatyapti. Shuning uchun bugun tasdiqdan o‘tgan qo‘llanmada ham Plakvenil turibdi. Lekin, faqatgina kasallikning boshlang‘ich davrida – birinchi 3-5 kun davomida bersa, u o‘z samarasini ko‘rsatyapti. Keyin klinikada Gidroksixloroxin berayotganimiz yo‘q. Bemor bilan muloqotda bo‘lganlarga esa profilaktika uchun ushbu dorini beryapmiz, u ham haftasiga ikkita tabletka. U ham protokollarga kiritilgan. Bugungi kundagi qo‘llanmada u bor va qabul qilinyapti”, deydi Oqilov.
Qani bu tajriba o‘zimiznikiligining isboti?
Habibullo Oqilovning alohida qayd etishicha, ushbu qo‘llanma vaqtincha qabul qilingan. Vaqt o‘tib ma’lumotlar o‘zgarsa, unga o‘zgartirishlar kiritib boriladi. Ha, to‘g‘ri. Biz o‘zgartirish kiritishga ustamiz, lekin inson hayoti-chi? Bir gal chiqargan qo‘llanmaganizda Plakvenil bor, keyingisida yo‘q. Oradan uch hafta o‘tar-o‘tmas yana plakvenilni qo‘shib qo‘yibsizlar. O‘zbekiston orttirgan tajriba shumi?
Kuni kecha o‘tkazilgan brifinglardan birida Habibullo Oqilov mamlakatda 12 ming bemor aynan shu dori yordamida tuzalganini aytib chiqqandi:
“Dori vositasi borki, uning atrofida gap-so‘zlar bo‘laveradi. Lekin O‘zbekistonning o‘zining tajribasi bor. Biz 12 mingga yaqin koronavirusga chalingan bemorlarni ayni shu dori vositasi yordamida tuzatib yubordik.
Biz tizimli ravishda chet ellik hamkasabalarimiz bilan maslahatlashib,tajriba almashinib turibmiz. AQSH, Braziliya, Hindiston davlatlarida davolash protokolllarida Plakvenil saqlanib turibdi. O‘tgan hafta bir guruh turkiyalik olimlar O‘zbekistonga tashrif buyurishdi. So‘ralganda, ular ham Turkiyada ambulator sharoitida ham, statsionarda ham Plakvenil davolash standartlarida bor ekanini qayd etishdi.
Kuni kecha Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sechenov nomli tibbiyot universiteteti professorlari bilan o‘tkazilgan videokonferensiyada ham muhokama qilingan savollarning bittasi aynan Plakvenil qo‘llanishiga bag‘ishlangan edi. Rossiyalik olimlar koronavirus kasalligining dastlab kunlarida qisqa kurs bilan Plakvenil berish maqsadga muvofiq deb aytishdi”, degan edi Oqilov.
Mana, sizga Rossiya, Turkiya va AQSH mutaxassislarining nodir tavsiyalari asosida to‘plangan bebaho o‘zbekona tajriba. Qani bu tajriba o‘zimiznikiligining isboti. O‘zimizning tajriba o‘sha televizorga chiqib gapirayotgan shifokorlarning fikrlarini ham inobatga olish degani emasmi? O‘zbekiston olimlari o‘zi dori va vaksina yarata olmaganiga, tadbirkorlarimiz sun’iy havo moslamalarini ishlab chiqara olmaganiga yarasha bir-birining fikrini hurmat qilishi, mavjud vaziyatdan kelib chiqib, tadqiqot o‘tkazishi kerak emasmi? Yo‘q, biznikilar fikrni shunchaki rad etadi, tadqiqot qilib ham ko‘rmaydi.
"Prezidentidan boshlandi mana shu o‘yin"
Jurnalistlardan biri Oqilovga “12 ming bemor Plakvenil dorisida sog‘aydi degan gapni aytdingiz, buni aniqlash uchun yana shuncha bemorga bu dorini bermay tadqiqot o‘tkazib ko‘rdingizmi”, degan savol bilan murojaat qilganda, Oqilov hozir tadqiqot o‘tkazishga na vaqti, na ehtiyojini borligini aytdi:
“Yo noto‘g‘ri tushunyapsizlar, yo konteksdan olyapsizlar. (!) Men gapirgan kunimda, o‘sha kunga borib, O‘zbekistonda 12 ming bemor davolangan dedim. Davolanib chiqib ketgan. Bularning aksariyati Plakvenil bilan... Bugungi statistikamizda (3 avgust soat 16:00 holatiga ko‘ra) 16 838 ta bemor tuzalgan bo‘lsa, shularning aksariyati Plakvenil olgan. Shu to‘g‘risida gapiryapman. Men 12 mingta odamga Plakvenil berildi, qolgan 12 mingtasi Plakvenilsiz tuzaldi deganim yo‘q. O‘zbekistonda ta’sir qilayotgan bitta sxema bor. O‘sha sxema bo‘yicha aksariyat bemorlar davolangan. 16 mingtaning 14 mingtasi yoki 13 mingtasi, shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarning aksariyati bitta sxema bilan davolanyapti. Men shu to‘g‘risida gapirdim.
AQSH kichkina davlat emas. Prezidentidan boshlandi mana shu o‘yin. (!) Prezident kasal bo‘lgani yo‘q, u profilaktika uchun ichdi. Braziliyaning Prezident Bolsonaru ham profilaktika uchun ichdi. Biz barcha davlatlar bilan, shu jumladan AQSH bilan ham videokonferensaloqalar o‘tkazyapmiz. Unda mana shu savol ko‘p ko‘tariladi. AQSH bilan muloqotda O‘zbekistondan borgan shifokorlar bilan men o‘zim gaplashdim. Ular o‘sha yerda COVID klinikasida ishlamoqda. Sizlarda Plakvenilga munosabat qanday deb so‘radim. Bizda ham har xil yondashuvlar bor, lekin COVID klinikasida ishlayotgan shifokorlarning hammasi kechqurun uyiga borgach, albatta, plakvenil ichadi. Profilaktika nuqtayi nazaridan! Shuning uchun ham bu dori bizning protokollarimizga tushgan. Birinchi kontaktda bo‘lganlarga ham biz Plakvenil tavsiya qilyapmiz, dedi.
Butun dunyo bu jarayondan o‘tib ko‘rdi, “Lancet” jurnalida shunday yozilibdi deb. “Lancet”ning o‘zi maqolasini qaytarib olgandan keyin aksariyat davlatlar yana eski sxemaga qaytdi. Mana hozir o‘zimizning tajribaga qaytdik. Plakvenildan voz kechganimizda, bizda ham ko‘rsatkichlar salbiy tomonga o‘zgardi. Buni biz ko‘rdik, shuning uchun qaytdik.
Tajribaning o‘zi isbot emasmi? Hozir tadqiqot qilishga bizning vaqtimiz ham, ehtiyojimiz ham yo‘q. Lekin 16 300 nafar bemorlarning hammasini kasallik tarixi bor. Kasallik tarixi arxivda eng kami 25 yil turadi. Ular albatta, hali ko‘p tadqiqotlar qilinadi va o‘shanda chiroyli xulosalar chiqishiga aminman”.
Plakvenil bozorga qanday kirib keldi?
2020 yil fevral oyida fransuz olimlari koronavirusga qarshi ikkita mavjud dori preparatlari – Gidroksixlorin va Azitromitsinning kombinatsiyasidan foydalanishning klinik tajribasini o‘tkazib, ushbu tajribalar muvaffaqiyatli yakunlaganini ma’lum qildilar.
Fransuz olimlari Gidroksixloroxin preparatini alohida va antibiotik ta’sirga ega Azitromitsin bilan birga COVID-19 ni davolash uchun birinchi marta klinik tajribadan o‘tkazishdi.
Tadqiqotda koronavirusi yuqtirgan yoki virus alomatlari bo‘lganlar ishtirok etdi. Tadqiqot ishtirokchilarining 16 nafari asosan antibiotiklar qabul qildi. Qolgan 14 kishi Gidroksixloroxinni o‘n kun ichdi, bundan tashqari, ulardan oltitasi qo‘shimcha ravishda Azitromitsinni qabul qildi.
Mazkur davolanish natijasida beshinchi kun Gidroksixloroxin va Azitromitsin kombinatsiyasini qabul qilgan bemorlar tuzalib ketdi (sinov CARC-COV-2 ni aniqlamadi). Shuningdek, to‘qqizinchi kuni nazorat guruhidagi bemorlardan biri davolandi, ular yettinchi kungacha Azitromitsinni qabul qilmagan.
May oyi oxirlariga kelib ushbu dorilarni birinchi bo‘lib qo‘llashni boshlagan Fransiya ham ularni rad etdi. Mamlakat Hukumati tomonidan qabul qilingan qarorda, “Lancet” jurnalida chop etilgan maqoladan kelib chiqqan holda, shifoxonalarda koronavirusga chalingan bemorlarga Gidroksixloroxinni yakka tartibda yoki kombinatsiya shaklida berishga to‘liq taqiqlandi. Fransiya Sog‘liqni saqlash vazirligi dorining foydadan ko‘ra xavf nisbati haddan tashqari ko‘pligini ma’lum qildi.
"Biror preparat samarali ekani isbotlanmagan"
Brifingda Anvar Alimov ushbu kombinatsiyani himoya qilishda davom etarkan, uchta mamlakatdagi holatni misol tariqasida keltirib, shunday deydi:
“Hindistonda 1,5 million, Braziliyada 1,4 million, Turkiyada 100% bemorlar to‘la qonli shu kombinatsiya asosida davolanyapti. Turkiya davolanish ko‘rsatkichlari samaradorligi ham 91 foizni tashkil etmoqda”.
O‘zbekistonda dori-darmon bilan bilan bog‘liq masalalarning aksariyati “Dori-darmon”AKga borib taqaladi. Kompaniya boshqaruv raisi Umida Solixboyevaning fikricha, Plakvenildan foydalanishni davom etttirish kerak. Uni yomonotliq qilish ortida siyosiy masalalar mavjud.
“Plakvenil haqiqatan siyosishlashtirilgan masala. Prezident Tramp Oq uyda turib, Plakvenil qabul qilib sog‘ayganini aytganining ertasiga JSST uni sinovlardan olyapti. Faqatgina cheklamayapti, sinovdan olyapti. Bu juda muhim. Keyin “Lancet” jurnalining izohi va faktlarni qalbakilashtirishi ketyapti. Bizga Aviganning ikkita analogini 10 dollardan taklif qilishdi. Aviganning narxi 5 dollar, yapon preparati. MDH davlatidagi ikki ishlab chiqaruvchi ikki baravar qimmatga taklif qildi. Biz original preparat narxini bilishimizni aytganimizdan keyin, bir kunda 4,92 dollarga arzonlashdi. Baribir voz kechdik.
Yaxshi yangilik, O‘zbekistonda dorini ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi. “Nobel Farm” avgust oxiri, sentyabr boshiga Faviripavir preparatini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu Aviganning analogi. Hozircha 8 dollardan sotilishi e’lon qilindi. Agar davlat xaridi bo‘lsa, ular narxni pasaytiradi. “Dori-darmon”ga Hindistondan Kanada sertifikatiga ega preparat olib kelinadi. Uning bitta tabletkasi 69 sent bo‘ladi. Tushuning, bu yangi infeksiya, hammasi tadqiqot bosqichida. Biror preparat unga qarshi samarali ekani isbotlanmagan.
Bu yerda o‘tirgan barcha shifokorlar biladi: Plakvenil faqatgina maleriyaga qarshi emas, revmatoit artrit bemorlari uni yillab qabul qilishadi.
Biz aytgan yagona narsa, har chorakda borib ko‘zingizni tekshirtiring. Bu yerda gap 5, maksimum 7 kunlik muolaja haqida ketyapti. Qanday toksik doza? Toksik doza bu 5 gramm. Konvalyutada jami 2 gramm. Hukumat hududiy shifokorlar orqali tarqatishni yo‘lga qo‘ydi. Agar biror bemor o‘lar darajada rad qilsa, hech kim uni Plakvenil ichishga majburlamaydi. Bizning G‘arb sog‘liqni saqlash tizimidan yagona ustunligimiz ambulator yordamning yaqinligi.
29 iyulda “Fox News” ikki shifokor Gidroksixloroxin haqida dezinformatsiya tarqatgan ikki texnogigantga qarshi chiqdi. Bu bo‘yicha sudga shikoyat qilinadi. Bu siyosiylashtirilgan masala.
Shveysarigya 27 mayda Gidroksixloroxinni protokoldan chiqarganda, ularda kasallik va o‘lim darajasi 4 baravarga o‘sdi. Ular 13 iyunda yana protokolga kiritdi. Mana brifingdan oldin tezgina ro‘yxat qildik, bitta varoqqa sig‘madi. Rossiya chiqardi deyildi. Keling 3 kun kutamiz. Chunki qo‘llanmaning 7-versiyasida u kiritilgan. Insayderlar ma’lumotiga ko‘ra, boshlang‘ich davr uchun u qoladi. Belarusda esa Gidroksixloroxin rasmiy qo‘llanmada turibdi. Qozog‘iston bir marta chiqardi, keyin yana kiritdi va yana bekor qildi. Endi nima bo‘ladi kutamiz. Ukrainada Gidroksixloroxin ham, xloroxin ham qo‘llanmada bor. Polsha va Vengriyada ham shunday. National institute of health (AQSH) da faqatgina klinik sinovda tavsiya qilinadi, ya’ni shifoxonada shifokor nazorati ostida. Malayziya va Turkiyada ham bor. Turkiyada turizm tibbiyoti rivojlangan. Gruziya sobiq sovet davlatlarida etalon (namuna) bo‘lyapti. U yerda kasallik yo‘q. Ularning qo‘llanmasida esa Gidroksixloroxin bor”, deb dorini himoya qiladi “Dori-darmon” raisi.
Aslini olganda esa mazkur dorini yoqlab chiqayotgan Habibullo Oqilov va Anvar Alimov ushbu dorining 5-qo‘llanmadan chiqarib tashlanishida bosh-qosh bo‘lishgan. Boisi ular qo‘llanmalarni yaratish bo‘yicha guruh a’zosi sanaladi. Xo‘sh, modomiki dori samarali ekan, nega u 5-qo‘llanmadan chiqarib yuborildi. Bugun brifingda aytilgan oqlovlar nega 5-qo‘llanmani ishlab chiqishda aytilmadi. JSST tavsiyasini bajarish majburiyat bo‘lmasa, olimlar nega Plakvenilni avvalgi qo‘llanmadan chiqarib yubordi? Shumi bizning o‘zimizga xos tajribamiz?
So‘nggi xulosani berish fikridan yiroqmiz. Boisi, na virusulog, na infeksionist va na farmatsevt emasmiz. Dorilarning ta’siri haqida bir tabib, bir bemor murosasichalik xabarimiz bor, xolos. Bunda Oqilov, Alimov kabi olimlarga ishonamiz. Ammo ularning o‘zi kecha aytganini bugun rad etib tursa...
Iyun oyi o‘rtalarida Habibullo Oqilov “Koronavirus 30*S va undan yuqori darajada yuqtirish faolligini to‘liq yo‘qotadi. Havo namligining pasayishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushuvchi quyosh nurlari virusni nobud qiladi. Havo harorati 70*S va undan yuqori bo‘lganda virus to‘liq yo‘qoladi”, degan edi. Havo harorati 40 darajagacha chiqdi, ayrim hududlarda bundan oshdi ham. Lekin virus yo‘qolgani yo‘q. Bu gap ishonchsiz ekani dunyoning eng issiq mamlakatlarida ham ko‘rindi. Kun kelib Plakvenil kabi dorilarga nisbatan aytilayotgan bugungi oqlovlar ham o‘z isbotini topmay qolishidan qo‘rqamiz. Unda esa kech bo‘ladi. Har holda gap minglab odamlar hayoti haqida bormoqda.
LiveBarchasi