Gidroksixloroxin va Remdesivirni qay hollarda qo‘llash bo‘yicha tushuntirish berildi
Salomatlik
−
20 Oktabr 2020
9340Butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham koronavirusga chalinganlar soni ortib bormoqda. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi faqat koronavirus testi mavjud bemorlarnigina COVID statistikasiga kiritmoqda. Pnevmoniyaga chalinib, koronavirus bemorlari qatorida davolanayotganlar esa bu ro‘yxatga kiritilmayapti.
Ayni kunlarda O‘zbekistonda koronavirusdan uyda davolanish yo‘lini tanlayotganlar ham talaygina. Bundan bir necha oy avval davolash jarayonlarida Gidroksixloroxin (plakvenil) dori vositasidan foydalanish ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqargan bo‘lsa, bugun uning qatoriga Remdesivir ham qo‘shilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu ikki doridan foydalanish bo‘yicha alohida bayonot bilan chiqdi.
Gidroksixloroxin, Remdesivir preparatlarining koronavirusni davolashda foydasi bormi? Qanday bemorlarga, kasallikning qay darajasida qo‘llash tavsiya etiladi? Bu savollarga Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi E’zozbek Rizayevdan quyidagicha javob beradi:
“Hanuz virusni to‘liq bartaraf etuvchi dori vositasi yaratilgani yo‘q. Ammo shifokorlar, dunyo olimlari o‘z ilmiy izlanish va tadqiqotlarida virusni davolashda qo‘llanadigan yondosh dori vositalari kompleksi bilan insonlarning salomatligini tiklashga harakat qilishmoqda.
Ma’lumki, hududlarning iqlim sharoiti, aholisining yashash tarzi, qon guruhlari va boshqa omillar turlicha bo‘lgani sabab infeksiya har bir hududda o‘zgacha mutatsiyaga uchrab, turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda. Shu bois ham bir mamlakatda foydali deb topilgan dori vositasi boshqasida samara bermasligi mumkin. Bu esa virusdan davolanish bo‘yicha turlicha ko‘rsatma va tavsiyalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lib, odamlar orasida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Masalan, ayrim mamlakatlarda Gidroksixloroxin dorisi virusni davolashda samara bermayotgani aytilmoqda. Ammo bu dori vositasi O‘zbekiston hududidagi virus shtampini davolashda o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda. Bizga ma’lumki, virus inson organizmiga kirgan paytda nafas yo‘lining yuqori qismida o‘rtacha 4 kun davomida saqlanib turadi. Gidroksixloroxin kasallikning ayni mana shu davrida o‘zining yuqori samaradorligini namoyish etadi. Ammo virus o‘pkaga yetib borganidan so‘ng Gidroksixloroxin dorisi foyda bermaydi. Shu sababdan ham kasallikning boshlang‘ich davrida ushbu preparatni qo‘llash foyda bermoqda.Dunyo olimlari, xususan, Marsel universiteti izlanuvchilari koronavirusni ushbu preparat yordamida va uni ishlatmasdan bemorlarni davolab ko‘rdi. Kasallikning ilk kunlarida Gidroksixloroxin dorisini qabul qilgan bemorlarning 6 nafardan besh nafari 6-7 kunda sog‘aydi. Aksincha, Gidroksixloroxin berilmagan bemorlarning esa, 14-20 kungacha ahvoli yaxshilanmadi. Tajribadan ham ko‘rinib turibdiki, ushbu dori vositasi kasallikning ilk kunlarida qo‘llanilganda, 83 foiz holatda samaradorligi ko‘rinmoqda.
Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, har qanday dori vositasining inson organizmiga ta’siri uning yoshi, jinsi, irqi, qon guruhi qanday ekaniga ham bog‘liq. Shuningdek, preparatlarning davolovchi xususiyati bo‘lgani kabi salbiy ta’siri ham yo‘q emas.
Shuning uchun ham COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalarning 7-nashrida bu dori vositasi kasallikning ilk bosqichida 5 kun berilishi, 65 yoshdan katta va yurak qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar, bolalar hamda homilador ayollarga Gidroksixloroxin tavsiya qilinmasligi qayd etilgan.
Remdesivir preparatiga keladigan bo‘lsak, u kasallikning ilk bosqichida qo‘llanilmaydi. Uy sharoitida bu doridan foydalanish faqatgina zarar keltiradi. Ushbu preparat shifokorning to‘liq nazorati ostida kasallikning o‘rta og‘ir va og‘ir darajasida berilsagina o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatadi. Remdesivir virusga qarshi dori vositasi davolash muolajalari davrida ijobiy natija berib, davolash kunlari qisqarmoqda, bemorlar ahvoli sezilarli darajada yaxshilanmoqda.
Ushbu dori vositalarini samara bermaydi, deganlar uni o‘z o‘rni va vaqtida, to‘g‘ri qo‘llamayotgan bemorlar hisoblanadi. Chunki boshqa mamlakatlar mutaxassislari qatorida o‘zbek olimlari tomonidan ham bu dorilarni samarali ekani isbotlangan va undan foydalanish bo‘yicha asosiy ko‘rsatmalar berib o‘tilgan. Shu bois ham koronavirus infeksiyasidan davolanayotganda doimiy ravishda shifokor nazoratida bo‘lib turish kerak”.
LiveBarchasi