O‘zbekistonda bir yil ichida qancha odam qamaldi?
Jamiyat
−
12 fevral
89732024 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 77 995 nafar shaxsga nisbatan 61 481 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 20 659 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 39 763 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi. Bu haqda Oliy sud ma’lum qildi.
Bildirilishicha, sudlangan shaxslar soni 61 502 nafarni tashkil etib, shundan 20 659 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 39 763 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlangan, 1 080 nafar shaxs shartli hukm qilingan. Sudlangan shaxslarning 54 370 nafari erkak, 7 132 nafari ayol, 22 757 nafari yoshlar (shu jumladan 2 214 nafari voyaga yetmagan) va 2 637 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar.
Shuningdek, 7 956 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilingan, 33 151 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 11 581 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirilgan va 14 991 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlangan yoki qayta malakalangan.
Bundan tashqari, 723 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi. 124 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
33 146 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, 11 581 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan.
Hisobot davrida ko‘rilgan jinoyat ishlarning aksariyatini
- firibgarlik,
- transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish,
- o‘g‘rilik,
- giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar,
- o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish,
- hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish,
- qasddan badanga yengil shikast yetkazish,
- bezorilik,
- qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish,
- giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlar tashkil etadi.
Qayd etilishicha, yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 13 434 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.
Apellyatsiya tartibida 11 992 nafar shaxsga nisbatan 8 740 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 482 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 2 598 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Kassatsiya tartibida 4 497 nafar shaxsga nisbatan 4 025 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 322 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 1 001 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Taftish tartibida 5 993 nafar shaxsga nisbatan 5 048 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 172 nafar shaxsga nisbatan quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 700 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 1 269 nafar shaxsga nisbatan 1 103 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 163 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 281 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy sud O‘zbekistonda 2024 yilda iqtisodiy sudlar tomonidan 390 ta qaror bekor qilinib, 253 tasi o‘zgartirilgani xabar qilingandi. Bundan tashqari, o‘tgan yilda iqtisodiy sudlar tomonidan birinchi instansiyada 436 102 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etilgan va shundan da’vogarlar foydasiga 27,5 trillion so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan.
LiveBarchasi