O‘zbekistonda bir nafar bola “Kavasaki sindromi”ga gumon qilindi
Jamiyat
−
04 Sentabr 2020
36629Avvalroq, koronavirus yuqtirib olgan bolalarda "Kavasaki sindromi" alomatlari paydo bo‘layotgani, ushbu sindrom O‘zbekistondagi bolalarda ham kechayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Bugun, 4 sentyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova yana ushbu masalaga to‘xtaldi.
Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda bugungacha bir nafar bemor ushbu sindromga gumon qilingan. Biroq tekshiruvlar natijasida bolada ushbu sindrom kechayotgani inkor qilingan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adan Gebreyesus barcha mamlakatlardagi shifokorlardan koronavirus yuqtirib olgan bolalarda “Kavasaki sindromi” (multisistemali yallig‘lanish) alomatlari paydo bo‘layotganiga alohida e’tibor qaratish kerakligini aytgan.
Abdusamatova JSST rahbarining so‘zlarini keltirarkan, so‘nggi paytlarda Koreya, Yevropa va Shimoliy Koreyadan kelayotgan xabarlarda intensiv terapiya bo‘limlariga multisistemali yallig‘lanish holatiga tushib qolgan, “Kavasaki sindromi”ga va zaharli shok sindromiga o‘xshash alomatlarga ega bolalar yotqizilayotganini aytadi. Ma’lumotlarga qaraganda, bu sindromning rivojlanishi aynan koronavirus bilan zararlanish oqibatida yuzaga kelayotgan bo‘lishi mumkin.
Kecha, 3 sentyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ham ushbu masalaga to‘xtalib, shunday degandi:
“Bizning davlatimizda bu kasallik uchramadi deyishimiz qiyin, balki bolalarda kechgan o‘rta og‘ir turlarida bu kasallik belgilari o‘xshash holatlar kuzatilgan bo‘lish ehtimoli bor.
Bizda bu sindrom uchradi deyishimiz uchun kasallik tasdiqlanishi kerak. Bugungi kunda bu sindromga o‘xshash holatlar aniq o‘z tasdig‘ini topmadi. Biroq bu bizda kuzatilmaydi ham degani emas. Kavasaki sindromiga o‘xshash kasalliklar bolalarda kuzatilishi va ko‘payishi ham mumkin”.
Kavasaki sindromi” genetik kasallik bo‘lib, u asosan 4-5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Bu — juda ham kam uchraydigan katta va mayda qon tomirlar o‘zgarishi, bola organizmining tizimli o‘zgarishi bilan kechadigan kasallik.
Ta’kidlanishicha, bu sindromga o‘xshash kasallik kelib chiqishida koronavirus ta’sirida bola organizmida kechadigan kuchli yallig‘lanish uning immun tizimini kuchayishi, qon-tomirlar o‘tkazuvchanligining buzilishini keltirib chiqaradi.
Bunda bolaning tana harorati 5 kun va undan ortiq 38 darajadan yuqori bo‘ladi. Tanasida turli toshmalar toshishi, qo‘llar kafti va tovonlar terisi ko‘chishi kuzatilishi mumkin.
LiveBarchasi