O‘zbekistonda barcha shoshilinch murojaatlar uchun yagona dispetcherlik tizimi ishga tushiriladi
Jamiyat
−
28 iyul 2023
5079Prezident Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar va Raqamli texnologiyalar vazirliklari oldiga aholining barcha tezkor va shoshilinch xizmatlarga murojaatlarini operativ hal qilish maqsadida yagona “112” tezkor raqami va dispetcherlik tizimini ishga tushirish vazifasini qo‘ydi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ushbu tizim 2024 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida, 1 iyulga qadar vodiy viloyatlarida, kelasi yil yakuniga qadar esa barcha tuman va shaharlarda ishga tushirilishi shartligi belgilangan.
Shu orqali navbatchilik qismlari faoliyati ham tubdan qayta ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan.
Shuningdek, Ichki ishlar va Raqamli texnologiyalar vazirliklariga ikki oy muddatda har bir viloyat-tuman-mahalla kesimida ijtimoiy va kriminogen muammolarni raqamlashtirish orqali “Ijtimoiy vaziyat” axborot tizimini ishga tushirish topshirilgan.
Bunda, aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan ijtimoiy muammolarning yagona reyestri shakllantiriladi, mas’ul idoralarning kuchi muammoga qarab manzilli yo‘naltiriladi.
Bundan buyon viloyat va tuman ichki ishlar rahbarlari har oyda kamida bir marta tuman va shahar kengashlariga jinoyatchilik ahvoli bo‘yicha hisobot berishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident bir yo‘la 15 ta tumanning IIB boshlig‘i hamda 5 nafar tuman prokurorini ishdan olgandi.
LiveBarchasi