O‘zbekistonda bank kartalari soni 75 milliondan oshdi
Jamiyat
−
15:06 542 2 daqiqa
O‘zbekistonda naqd pulsiz to‘lovlar infratuzilmasi kengayib bormoqda. Joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, muomaladagi bank kartalari soni 75,7 million donaga yetgan. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshida, ya’ni 1 yanvar holatiga ko‘ra, bank kartalari soni 68,3 million dona bo‘lgan. Shu tariqa, yetti oy davomida muomaladagi kartalar soni 7,4 million donaga yoki 10,9 foizga oshgan. To‘lov terminallari soni ham ko‘paygan.
Yil boshida 430,8 mingta bo‘lgan terminallar soni 1 avgustga kelib 453,5 mingtaga yetgan. Ya’ni, ushbu davrda yana 22,7 mingta terminal ishga tushirilgan. Shu bilan birga, bankomat va infokiosklar soni 40,1 mingtadan 47 mingtaga yetgan. Bu ko‘rsatkich 17,3 foizga o‘sgan.
Naqd pulsiz to‘lovlar hajmida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida to‘lov terminallari orqali 387,4 trln so‘mlik tushum qayd etilgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning to‘liq 12 oyida ushbu ko‘rsatkich 460,3 trln so‘mni tashkil etgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bank kartalari soni 10,9 foizga oshgan bir paytda terminallar orqali tushumlar ham jadal ko‘paygan. Natijada bitta bank kartasiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik tushum 562 ming so‘mdan 731 ming so‘mgacha oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ayollarning bank xizmatlaridan foydalanish darajasi mamlakatdagi umumiy ko‘rsatkichga deyarli tengligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi