Ayrim toifadagi fuqarolarning O‘zbekistondan chiqishiga taqiq qo‘yilmoqda

Jamiyat

image

Bugun, 12 mart kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasi majlisida jinoyat protsessida majburlov choralari institutini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi eng muhim kafolatlardan biri sifatida huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlarini qonun bilan muhofaza qilish, jabrlanganlarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun davlat shart-sharoitlar yaratishi belgilangan.

Biroq jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan hollarda, ushbu shaxslar O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasini tark etib surishtiruv, tergov yoxud suddan yashirinish holatlari kuzatilmoqda. Oqibatda jinoyatdan jabrlangan shaxslarning huquqlarini tiklash, ularga yetkazilgan zararlarni qoplash imkoniyati pasaymoqda.

Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan hollarda, shaxsning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishini oldini olish uchun samarali mexanizm mavjud emas. Xususan, shaxsga tilxat, kafillik, garov, uy qamog‘i kabi ehtiyot choralar qo‘llanilsa-da, qonunchilikda mutasaddi idoralarning uni davlat chegarasidan o‘tishni cheklash bo‘yicha vakolatlari nazarda tutilmagan.

Shuningdek, Bosh prokuror o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyevga ko‘ra, ularning mamlakatdan chiqib ketishi tergov va sud jarayonlarining cho‘zilishiga, fuqarolarning buzilgan huquqlarini o‘z vaqtida tiklanib, odil sudlovni ta’minlashga to‘sqinlik qilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2020-2024 yillarda jinoyat sodir etib, tergov va suddan yashiringan 23 ming 863 nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Qidiruv e’lon qilingan shaxslarning 21 ming 238 nafari (89 foizi) O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketgan.

Ushbu qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlariga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan, biroq O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini tark etib surishtiruv, dastlabki tergov yoxud suddan uzrli sabablarsiz bo‘yin tovlashi mumkinligiga yetarli asoslar mavjud bo‘lganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan ularning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish tartibi belgilanmoqda.

Quyidagi hollarda mamlakatdan chiqish huquqi vaqtinchalik cheklangan shaxsga muayyan muddatga xorijga chiqishga ruxsat berilishi mumkin:

  • shaxsning xorijda jinoyat protsessida ishtiroki zarurligi vujudga kelganda;
  • uning sog‘lig‘i yomonlashib, O‘zbekiston hududida tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni yo‘q bo‘lganda;
  • uning yaqin qarindoshi vafot etganda.

Maqola muallifi

Teglar

jinoyat O'zbekiston taqiq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing