O‘zbekistonda ayrim shaxslarning o‘qituvchilik qilishi taqiqlanishi mumkin
Jamiyat
−
08 aprel 2022
68930O‘zbekistonda ayrim shaxslarning ta’lim tashkilotlarida pedagog sifatida faoliyat olib borishi taqiqlanishi mumkin. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga tegishli taqiqlarni kiritish taklif etilmoqda.
Qonunga quyidagi tahriridagi 44-1-moddani kiritish rejalashtirilmoqda:
44-1-modda. Pedagoglik (professor-o‘qituvchilik) faoliyatini olib borishga yo‘l qo‘ymaydigan holatlar
Quyidagilar ta’lim tashkilotlarida pedagog (professor-o‘qituvchi) sifatida faoliyat olib borishi taqiqlanadi:
• sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
• qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
• hayotga, sog‘liqqa qarshi jinoyatlar, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlar, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi, shaxsning ozodligiga, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi (bundan tuhmat, haqorat qilish mustasno), fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi (bundan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish mustasno), tinchlikka va insoniyatning xavfsizligiga qarshi, O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, o‘zgalarning mol-mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar, jinoiy yo‘l bilan topilgan mol-mulkni olish yoki o‘tkazish, tijoratda pora evaziga og‘dirib olish yohud nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish, boshqaruv tartibiga, shuningdek odil sudlovga qarshi jinoyatlar, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash, jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar (bundan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzish, tadqiqot faoliyatini amalga oshirishda xavfsizlik qoidalarini buzish, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish mustasno), giyohvandlik vositalarining yoki psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasidan iborat jinoyatlar, jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar va harbiy mansabdorlik jinoyatlari sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar;
• psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar;
• pedagoglik (professor-o‘qituvchilik) faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasallikka chalingan shaxslar.
Mazkur modda birinchi qismining ikkinchi va beshinchi xatboshilarida keltirib o‘tilgan holatlar bartaraf etilganda pedagog (professor-o‘qituvchi) sifatida ishlash xohishini bildirgan shaxslarga mazkur faoliyatni olib borishga ruxsat beriladi.
Pedagoglik (professor-o‘qituvchilik) faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 35 ta moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalariga rektorlarni lavozimga tayinlash yoki ozod etish vakolatini berish ham rejalashtirilgan.
LiveBarchasi