O‘zbekistonda ayollar futbolini rivojlantirish strategiyasi taqdim etildi

Sport

image

Kecha, 20 may kunu O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan 2025–2029 yillar uchun mo‘ljallangan ayollar futbolini rivojlantirish strategiyasining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Tadbirda O‘FA rahbariyati, murabbiylar, futbolchilar va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Taqdimot davomida ayollar futboli yo‘nalishida amalga oshiriladigan asosiy strategik maqsad va yo‘nalishlar, jumladan, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, futbol infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro musobaqalardagi ishtirok, hamda ommaviylikni oshirish bo‘yicha rejalar e’lon qilindi.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov o‘z nutqida ushbu strategiyaning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

“Ayollar futbolini rivojlantirish O‘FA faoliyatidagi eng muhim yo‘nalishlardan biridir. 2029 yilda mamlakatimiz mezbonlik qiladigan ayollar Osiyo kubogiga munosib tayyorgarlik ko‘rish va ushbu davr mobaynida sohani har tomonlama isloh etish maqsadida strategik reja ishlab chiqildi. Avvallari assotsiatsiyada Ayollar futbolini rivojlantirish bo‘limi mavjud bo‘lmagan, sohada lider ayollarni ko‘paytirish maqsadida Yuliya Panina, Maftuna Zokirova singari o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan mutaxassislar bilan birga ishladik. Ular o‘tgan vaqt davomida ayollar futboli bo‘yicha xalqaro musobaqalar, hakamlik va murabbiylik sohalarida FIFA va OFK bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalarni amalga oshirdi. Quvonarli tomoni shundaki, so‘nggi yillarda ayol komissarlarimiz soni ortmoqda. Xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, o‘z tajribalarini boyitib kelmoqda. Ayollar futboli bo‘limi mutaxassislari esa har qanday turnirni yuqori saviyada tashkil etish imkoniyatiga ega”, deydi O‘FA birinchi vitse-prezidenti. 

Mazkur strategiya asosida kelgusi besh yillikda ayollar futbolining turli bosqichlarda rivojlanishini ta’minlash, xususan, klublar futboli darajasini oshirish, sport maktablari, akademiyalar va boshqa tashkilotlar orqali ommaviy futbolda qizlar va ayollarning ishtirokini kengaytirish, xalqaro tajribalarni joriy etish hamda sportchilarni yirik musobaqalarga puxta tayyorlash ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston O'FA ayollar futboli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing