O‘zbekistonda AES qurish xarajati 2 mlrd dollardan oshmaydi – “O‘zatom” rahbari

Jamiyat

image

O‘zbekistonda qurilayotgan kichik atom elektr stansiyasining qiymati 2 milliard dollardan kam bo‘ladi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev “Alter Ego” loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, AES loyihasini amalga oshirish “moliyalashtirishning murakkab tuzilmasi”ni nazarda tutadi. Stansiyaning yakuniy narxi hozircha oshkor etilmagan, chunki u optimallashtirilmoqda.

“Narx-navo haqida nega ma’lumot berilmaydi? Sababi oddiy — loyiha uchun aniq qancha mablag‘ sarflanishi noma’lum. Belgilangan muayyan summa borgan sari kamaytirib borilyapti. Loyiha narxini hozirgacha 300 million dollargacha arzonlashishga erishilgan.

Stansiyaning narxi 2 milliard dollardan kam bo‘ladi. Bu biz ko‘zlagan maqsad. Men aniq raqam haqida gapirishni istamayman, chunki biz doimiy ravishda uni optimallashtirish ustida ishlayapmiz, har bir detal narxlari bo‘yicha muzokaralar davom etyapti”, dedi “O‘zatom” agentligi direktori.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha Open Book tamoyillari asosida amalga oshiriladi, bunda buyurtmachi pudratchining loyiha uchun uskuna turlarini ishlab chiqarish uchun barcha xarajatlarini ko‘rib turadi. Masalan, Yevropa kompaniyalari litsenziyasi asosida ishlaydigan xitoylik ishlab chiqaruvchilardan turbina va elektr uskunalarini sotib olish imkoniyati muhokama qilinmoqda.

“Bu shunchaki Xitoy mahsuloti yoki ishlanmasi emas, bu Yevropa kompaniyalari litsenziyasi asosida ishlab chiqarilgan uskuna. Shunchaki, yevropaliklardan sotib olsak, ancha samaraliroq va ancha arzonroq bo‘ladi. Shuning uchun biz doimiy ravishda optimallashtirish ustida ishlayapmiz”, deydi Ahmadxo‘jayev.

“O‘zatom” agentligi rahbariga ko‘ra, bugungi kunga qadar “umumiy hajmdan” taxminan 300 million dollarlik xarajatlarni qisqartirishga erishilgan.

U Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi timsolida pudratchi bilan hamkorlik formati shunchaki “pudratchi-buyurtmachi” emas, balki jamoaviy ekanini qo‘shimcha qildi. Agentlik rahbarining fikricha, bu nafaqat narxni pasaytirish, balki ushbu texnologiyalarni keyinchalik qo‘llash uchun yuqori salohiyatni yaratish imkonini beradi.

“Loyiha xalqaro xarakterga ega bo‘lgani uchun ayrim turdagi uskunalarni, aytaylik, Xitoydan sotib olamiz va buning uchun Xitoydan imtiyozli shartlarda mablag‘ jalb qilamiz. Shuningdek, ushbu loyihaga qiziqqan va sarmoya kiritishga tayyor bo‘lgan investitsiya kompaniyalari ham bor, ammo ular stansiya egalari qo‘lida emas, balki foyda oluvchilardir. Moliyalashtirish sxemasi aslida juda murakkab. U yerda, jumladan, davlat byudjeti ham hisobga olinadi, lekin juda kam miqdorda. Bu asosan xorijdan jalb qilinayotgan mablag‘lar”, deydi agentlik direktori.

Ahmadxo‘jayevning aytishicha, loyihada Rossiya kreditlaridan foydalanilmaydi. U, shuningdek, davlat byudjetiga “yuk”ni kamaytirish va davlat kafolatlaridan foydalanish rejalashtirilayotganini aytdi.

“O‘zatom” rahbarining qo‘shimcha qilishicha, kichik AES O‘zbekiston mulkida qoladi, xorijiy investorlarning ishtiroki esa dividendlar olish bilan cheklanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil may oyida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida O‘zbekistonda kichik AES qurish bo‘yicha shartnoma imzolangandi. Stansiya Rossiyaning RITM-200N reaktori asosida barpo etiladi (quvvati – 55 MVt, xizmat muddati – 60 yilgacha).

Dastlabki reaktor besh yil ichida ishga tushirilishi, keyingilari esa olti oylik interval bilan foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. AES to‘liq loyihaviy quvvatga 2033 yildan oldin chiqishi kutilmayapti.

O‘zbekiston AES qurish uchun xalqaro konsorsium tuzishni rejalashtirib, Rossiya, Xitoy va Yevropa texnologiyalarini jalb etishni ko‘zlamoqda. Bundan tashqari, turbinalar, generatorlar va sovutish inshootlari uchun xalqaro kompaniyalarning uskunalarini jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston O'zatom AES Azim Ahmadxo'jaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing