O‘zbekiston MTJ sobiq ustozi yangi jamoada ishlaydi
Sport
−
11 may 2017 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbbiyi Ektor Kuper Peruning “Universitario” klubi bilan shartnoma imzolashiga bir qadam qoldi. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Kuper yangi jamoasi bilan 2026 yil dekabrgacha amal qiladigan shartnoma imzolaydi. Uning so‘nggi o‘yini Suriya terma jamoasida bo‘lgan va u jamoani 2024 yilda tark etgandi.
70 yoshli mutaxassis 1999 yildan 2001 yilgacha “Valensiya”da ishlagani bilan ko‘pchilikni yodida qolgan. Kuper ushbu yillarda jamoani ketma-ket Chempionlar ligasi finaliga olib chiqqan, ammo ikkala safar ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Shuningdek, u “Inter”, “Malorka”, “Betis”, “Parma” klublari va Misr, O‘zbekiston, Kongo va Suriya terma jamoalarni boshqargan.
Uzoq yillik murabbiylik faoliyati davomida Kuper uchta yirik sovringa ega chiqqan. U “Malorka” va “Valensiya” bilan bittadan Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, “Lanus” bilan KONMEBOL kubogida g‘olib bo‘lgan.
Ta’kidlash joizki, “Universitario” hozirda Peru ligasi jadvalida 13 ta o‘yindan so‘ng 24 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda egallab turibdi. Klub o‘z tarixida rekord darajadagi 29 marta Peru chempionligi unvonini qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Ektor Kuper 2018 yil avgustidan 2019 yil sentyabrigacha O‘zbekiston milliy terma jamoasida bosh murabbbiy lavozimida faoliyat olib borgan. Uning qo‘l ostida terma jamoa 17 ta o‘yin o‘tkazib, 7 ta g‘alaba, 3 ta durang, 7 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Kuper boshqaruvida O‘zbekiston 2019 yilgi Osiyo Kubogida nimchorak finalgacha yetib borgan. U 2022 yilgi Jahon chempionati saralashida Falastinga 0:2 hisobida yutqazilgach, iste’foga chiqarilgan edi.
Live
Barchasi