O‘zbekistonda aholining uchdan birida pul jamg‘armasi yo‘q
Jamiyat
−
29 iyul 7097 3 daqiqa
O‘zbekistonda aholining 34 foizi pul jamg‘armagan. Bu haqda Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan naqd pul muomalasining tashkil etilishi, naqd puldagi hisob-kitoblar holati yuzasidan so‘rovnoma natijalari bo‘yicha hisobotda keltirilgan.
Qayd etilishicha, joriy yilning iyun oyida 14 259 nafar respondent o‘rtasida naqd pul muomalasining tashkil etilishi, naqd puldagi hisob-kitoblar yuzasidan elektron so‘rovnoma o‘tkazilgan.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlar orasida kundalik to‘lovlarni asosan naqd pul shaklida amalga oshiruvchilar 15 foizni, bank kartasi orqali amalga oshiruvchilar 33 foizni va ikkala shaklda amalga oshiruvchilar 52 foizni tashkil etgan.
So‘rovnoma ishtirokchilaridan 47 foizining naqd pul shaklidagi bir martalik xaridlari miqdori 100 ming so‘mdan 500 ming so‘mgachani, 35 foiziniki 100 ming so‘mgachani, 12 foiziniki 500 ming so‘mdan 1 mln so‘mgachani va 6 foiziniki 1 mln so‘mgachani tashkil qilgan.
Tovarlar (xizmatlar) xaridini naqd pul shaklida amalga oshirish sababi bo‘yicha respondentlarning 56 foizi xaridlarni asosan dehqon bozorlarda qilishini, 17 foizi tez, xavfsiz va nazorat qilish qulayligini, 13 foizi naqd pulda tovarlar (xizmatlar) arzonroq ekanini, 7 foizi to‘lov uchun naqd pul talab qilinishini hamda yana 7 foizi to‘lov terminali yo‘qligini va ishlamasligini ko‘rsatgan.
To‘lovlar uchun naqd pul talab qilish holatlari bo‘yicha Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan bo‘lsa, to‘lov terminali yo‘qligi yoki ishlamasligi holatlari Toshkent shahrida ko‘p kuzatilayotgani ma’lum bo‘lgan.
Respondentlar tomonidan muomalada 10 000, 50 000, 5 000, 100 000 va 20 000 so‘m nominaldagi pul belgilariga ehtiyoj nisbatan yuqoriligi bildirilgan. Ularining 25 foizi bankomatlarda 50 000 so‘mlik, 22 foizi – 100 000 so‘mlik, 16 foizi – 10 000 so‘mlik, 14 foizi – 20 000 so‘mlik banknotlar ko‘proq bo‘lishini xohlagan.
So‘rovnoma ishtirokchilarining 65 foizi do‘konlarda naqd pulda tovarlar xarid qilganida qaytim pullarini olishini, 17 foizi ba’zan qaytim pullarini o‘rniga arzon tovarlar (gugurt, saqich, qurt va hakazo) olishini, 14 foizi doim qaytim pullari o‘rniga arzon tovarlar (gugurt, saqich, qurt va hakazo) olishini va 4 foizi qaytim pullarini olmasliklarini, chunki mayda pullar yo‘qligini bildirgan.
Shuningdek, respondentlarning 87 foizi ish haqi to‘lovlarini bank kartasi orqali, 7 foizi ham naqd pul shaklida, ham bank kartasi orqali hamda 6 foizi naqd pul shaklida olayotganini qayd etgan.
So‘rovnoma qatnashchilarining 62 foizi bankomatlar bo‘yicha shikoyati yo‘qligini, 18 foizi kam hollarda uzilishlar kuzatilishi, lekin e’tiroz qiladigan darajada emasligini va qolgan 20 foizi naqd pullar tez tugab qolishi, tez-tez ishlamay qolishi hamda kerakli nominaldagi banknotlar mavjud emasligini ma’lum qilgan.
Respondentlarning 23 foizi jamg‘armalarini o‘zlarida naqd pul shaklida va shuncha qismi bank kartalarida, shuningdek 20 foizi banklardagi omonat hisobvaraqlarda saqlashlarini bildirgan bo‘lsa, 34 foizi jamg‘armalari mavjud emas ekanini qayd etgan.
So‘rovnoma ishtirokchilarining 52 foizini davlat xizmatchilari, 19 foizini xususiy sektor vakillari, 17 foizini byudjet tashkilotlari xodimlari tashkil qilgan.
Live
Barchasi