O‘zbekistonda aholining demografik o‘sishi sekinlashdi
Jamiyat
−
29 iyul
7671O‘zbekistonda aholining demografik holati 2023 yilning shu davriga nisbatan 2,1 foizga qisqardi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2024 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi soni 37 mln 134,2 ming kishini tashkil etib, shundan erkaklar soni 18 million 696,7 ming kishini, ayollar soni esa 18 million 437,5 ming kishini tashkil qilgan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholi soni 2,1 foiz yoki 761,8 ming kishiga ko‘paygan.
Biroq, joriy yildan e’tiboran respublikada aholi sonining o‘sishi sekinlasha boshlagan. Xususan, 2023 yilning mos davrida aholining o‘sishi 2,2 foiz yoki 768,8 ming nafarni tashkil etgan.
Yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda 97 ming 400 ta nikoh qayd etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1265 taga kamaygan. 2022 yilning mos davri bilan taqqoslanganda esa 11 ming 534 taga kamaygan. Nikoh tuzishda ayollarning o‘rtacha yoshi 22,9 yoshni, erkaklarning o‘rtacha yoshi esa 27,8 yoshni tashkil etgan. Keltirilgan jami nikohlarning 76,2 foizini 25 yoshgacha bo‘lgan ayollar tashkil qilgan va bu qayd etilgan eng katta yosh deb hisoblangan. Eng ko‘p turmush qurish 20-30 yoshdagilarga to‘g‘ri kelgan.
Nikohdan ajralishlar soni 2024 yilning birinchi yarim yilligida 22 ming 467 tani tashkil qilgan, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,6 foizga (2955 taga) kamaygan.
Shuningdek, ushbu davr ichida nikohdan ajralishlar soni (farzandsizlik sababi bilan) 10 ming 479 tani (46,6 foiz), 1 nafar farzand bilan ajralishlar soni 6616 tani (29,4 foiz), 2 va undan ortiq farzand bilan nikohdan ajralishlar soni 5374 tani (24 foiz) tashkil etgan. Bunda ajrashganlarning o‘rtacha yoshi erkaklar uchun 37,1 yoshni, ayollar uchun 32,2 yoshni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning “Dunyo aholisining 2300 yilga bo‘lgan istiqbollari” deb nomlangan hisobotida O‘zbekiston aholisi 2100 yilning yanvariga borib 74,2 million kishiga yetishi xabar qilingandi.
LiveBarchasi