O‘zbekistonda 9 ballik zilzila bo‘ladimi? FVV javob berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hududlarida 6 balldan 9 ballgacha zilzila bo‘lishi haqida xabarlar va ushbu ofat kuzatiladigan 359 shaharning ro‘yxati tarqalmoqda. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Murod Sodiqov bilan bog‘landi. U mazkur xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

“9 ballik zilzila sodir bo‘lishi haqidagi ro‘yxat vazirlik tomonidan e’lon qilinmagan. Bunday xabarlar “feyk” hisoblanadi. Hech kim zilzilaning qachon va qayerda sodir bo‘lishini oldindan ayta olmaydi”, deydi Sodiqov.

Ushbu xabarlar yuzasidan Gidrometeorologik ilmiy tahlillar bo‘yicha mutaxassis, iqlimshunos olim Erkin Abdulahatov ham o‘zining Telegram-kanalida munosabat bildirgan.

“Xabarlar ikki xil mazmunda biri, yaqin kunlarda shu balldagi zilzila sodir bo‘lishi mukinligi, ikkinchisi qachonlardir bo‘lishi mumkinligi haqida e’lon qilinmoqda. Albatta, birinchi versiya xato. Bu ro‘yxat O‘zbekistonning umumiy seysmik rayonlashtirish xaritasidan kelib chiqib tuzilgan. Va qachonlardir hududlarda shu kuchdagi zilzila bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Balki 20, balki 100, balki 1000 yildan so‘ng”, deb yozadi olim. 

Abdulahatov aholida ushbu xabarlar sarosima keltirib chiqaryotganini urg‘ulagan.

“O‘zbekistonning seysmik rayonlashtirish xaritasi azaldan tuzib kelinadi. Buni qurilish sohasi vakillari va ko‘pchilik keng doirada fikrlovchi qatlam juda yaxshi tushunadi. Qurilishlarimiz shu ballarni inobatga olib quriladi. Shuning uchun aholidan xabarlarni vahima va sarosima bilan qabul qilmasliklari so‘raladi”, deb yozadi Abdulahatov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 mart kuni Toshkent vaqti bilan 21:47 da Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘ldi. Mazkur zilzila O‘zbekiston hududlarida ham sezilib, 5-6 ballni tashkil qilgan. 

Shuningdek, 23 mart kuni soat 1:07 da O‘zbekistonda yana zilzila qayd etildi. FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazining xabar qilishicha, ushbu zilzila epimarkazi Toshkent shahridan 217 km janubi-sharqda, Tojikistonda bo‘lgan. Toshkentda yer silkinishining ta’sir kuchi 5 ballga teng bo‘lgan edi


Maqola muallifi

Teglar

FVV zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing