O‘zbekistonda 28 turdagi ijtimoiy yordamning yagona ro‘yxati tasdiqlanadi
Jamiyat
−
28 yanvar
3359Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 yanvar kuni ijtimoiy yordamlarning manzilliligini oshirish, nogironligi bo‘lganlarni parvarishlashning yangi tizimiga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident 13 dekabrda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq, jahon tajribasi va hayot talabini inobatga olgan holda, qator takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” orqali ijtimoiy yordamlar “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kirgan oilalarga ko‘rsatilishi belgilanmoqda. Bunda mablag‘larni tuman va shaharlardagi aholi, nogiron shaxslar va kambag‘al oilalar soniga mutanosib ravishda taqsimlash tartibi joriy etilmoqda.
Oilaning kambag‘al deb e’tirof etilishi uning a’zolaridan qo‘shimcha ariza va hujjatlarni talab etmagan holda ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilishiga asos bo‘ladi.
Shu bilan birga, samarasiz va talab yuqori bo‘lmagan ijtimoiy yordamlar maqbullashtirilib, 28 turdagi ijtimoiy yordamning yagona ro‘yxati tasdiqlanadi. Ijtimoiy daftarlar hisobidan ajratiladigan davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajatlarini Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi orqali moliyalashtirish tartibi joriy etiladi.
"Tuman (shahar) hokimliklari huzurida yuridik shaxs bo‘lmagan “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armalari tashkil etiladi. Uning mablag‘lari hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-amaliy va infratuzilmaviy muammolarini bartaraf etish, sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va sportni rivojlantirish, ekologiya va atrof-muhitni asrash tadbirlariga sarflanadi", deyiladi xabarda.
Davlat rahbari nogironligi bo‘lgan bolalarga alohida mehr-e’tibor ko‘rsatish xayrli ekanini aytgan edi.
Shu bois 3-18 yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Unga bolalar ota-onalar bilan tuzilgan ijtimoiy shartnoma hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida qabul qilinadi.
"Joriy yil yakuniga qadar bu xizmatlar bilan 2 mingga yaqin og‘ir nogironligi bo‘lgan bolalarni qamrab olish rejalashtirilmoqda. Bu ularning onalari uchun ishlash va ta’lim olish kabi imkoniyatlar yaratib, oila farovonligiga xizmat qiladi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Bolalar salomatligi” axborot tizimi ishga tushirilib, har bir farzandga qo‘yilgan tashxis tahlil qilib boriladi. Ularga tibbiy, reabilitasiya, ta’lim, ijtimoiy xizmatlar kompleks ravishda ko‘rsatiladi. Bunday muassasalarga har bir bola uchun subsidiya va xaridlar uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ota-onalarning kunduzgi parvarish xizmatidan foydalangani uchun oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlaridan soliq olinmaydi.
Taqdimotda oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashish tadbirlari haqida ham axborot berildi. Bu jarayon “yetti imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida tashkil qilingan. Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati, daromadi va mulkni baholaydigan “Kambag‘al oilalar reyestri” axborot tizimi ishga tushirilgan.
Shu asosida, 48 ming fuqaro ishga joylashtirildi, 10 mingdan ziyodi kasbga o‘qitildi, 14 ming nafariga kredit va subsidiyalar ajratildi. 140 ming oilaga shifokorlar biriktirildi, 38 ming fuqaroga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi. 32 ming bola bog‘chaga joylashtirilib, qariyb 7 ming yoshlar kirish imtihoniga tayyorlash uchun universitetlarga biriktirildi.
Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, kambag‘allik reyestrini oilalarning mehnatga layoqatiga qarab tabaqalashtirish, mehnatga layoqatli bo‘lmaganlarni davlat ijtimoiy himoyasiga olish, ularni ijtimoiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
LiveBarchasi