O‘zbekistonda 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi
Jamiyat
−
28 may 2021
4098O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning tegishli qoidalari asosida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatning uzoq muddatli maqsadlari va ustuvorliklariga muvofiq ishlab chiqilganligi bilan ahamiyatlidir.
“Mazkur hujjat qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli ta’limli ta’minlash, qishloq joylarida qizlarning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olingan.
Mazkur strategiyadagi yo‘nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan.
Bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
LiveBarchasi