O‘zbekistonda 2020 yil oxirigacha dollar kursi keskin ko‘tarilishi mumkinmi?
Jamiyat
−
10 Oktabr 2020
19624O‘zbek so‘mining AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi keskin o‘zgarmasligi kutilyapti. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozoridagi holat yuzasidan bergan axborotida aytib o‘tilgan.
Ma’lumki, chet el valyutalarining milliy valyutaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy kurslari haftada bir marta belgilanib, dushanba kuni e’lon qilib kelinyapti.
Bunda AQSH dollarining so‘mga nisbatan kursini belgilashda hafta davomida O‘zbekiston respublika valyuta birjasidagi kunlik banklararo savdo sessiyalarida mavjud talab va taklif nisbatiga ko‘ra shakllangan kurslarning o‘rtacha tortilgan miqdoridan kelib chiqiladi.
MB axborotiga ko‘ra, joriy yilning aprel oyidagi to‘g‘irlanishdan so‘ng, so‘m almashuv kursi nisbatan barqaror dinamika ko‘rsatmoqda. Xususan, milliy valyuta kursi yanvar-aprel oylarida 6,6 foizga pasaygan bo‘lsa, may-sentyabr oylari davomida 2 foizga pasaydi.
Umuman olganda, 2020 yil 9 oyi davomida milliy valyutaning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi – 8,6 foizga qadrsizlandi.
Yil yakuniga qadar milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi ichki va tashqi makroiqtisodiy omillar ta’sirida, ichki valyuta bozoridagi mavjud talab va taklifning joriy nisbatidan kelib chiqib shakllanib boradi.
“Umuman olganda, ichki iqtisodiy faollikning tiklanish sur’atlari va asosiy tashqi savdo hamkorlarimizdagi makroiqtisodiy sharoitlarda 2020 yil yakuniga qadar ichki valyuta bozorida holatning nisbatan barqaror shakllanishi, almashuv kursining keskin tebranishlariga olib keluvchi fundamental omillar xatarlari ehtimoli pastligi kuzatilmoqda. Bunda yil so‘nggiga qadar ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif mutanosibligini saqlash yuzasidan yetarli sharoitlar mavjud”, deyiladi regulyator xabarida.
Ma’lumot o‘rnida, 9 oyda ichki valyuta bozorida xorijiy valyutadagi umumiy taklif hajmi 7,0 mlrd. dollarni tashkil etib, qolgan 3,7 mlrd. dollarlik talab esa Markaziy bankning intervensiyalari hisobiga to‘liq qondirildi.
Regulyator kelgusi oktyabr-dekabr oylari davomida ham ushbu tamoyilga asosan ichki valyuta bozoriga intervensiyalarni amalga oshirib boradi. Bunda ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi kuzatilgan holatlarda, zaruriyatga qarab, yil boshidan oltin xaridi va amalga oshirilgan intervensiya operatsiyalari o‘rtasidagi tafovutdan hosil bo‘lgan 300 mln. dollar miqdoridagi valyuta zaxirasi ham ushbu maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin.
LiveBarchasi