O‘zbekistonda 2,5 oyda 327 mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irlandi

3-sahifa

image

O‘zbekistonda 2024 yil 1 dekabrdan joriy yil 15 fevralgacha 327 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ushbu muddat ichida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan 167 ta holat aniqlangan. Bu orqali 82 mln 158,9 ming kub metr tabiiy gazdan asossiz foydalanilib, davlat manfaatlariga 210 mlrd 428,2 million so‘mlik zarar yetkazilgan.

Shuningdek, “Hududgazta’minot” AJ mas’ul xodimlari tomonidan mazkur davrda 6472 ta noqonuniy foydalanish holati aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha 50 mln 890 ming kub metr tabiiy gaz uchun 117 mlrd 300 mln so‘m miqdorida qayta hisob-kitob qilingan.

Qolaversa, shu vaqt oralig‘ida 4942 dona maishiy gaz ballonida 77,8 tonna (36 ming kub metrga teng) hajmdagi suyultirilgan gazning noqonuniy sotilishi oldi olingan.

“Aytish o‘rinliki, hisobot davrida noqonuniy foydalanilgan tabiiy gaz hajmi 133 mln 84,9 ming kub metr bo‘lib, bu miqdordagi tabiiy gaz 266 ming 170 ta xonadonning qishki davrdagi bir oylik me’yoriy bazasiga tengdir. Qolaversa, agar ushbu gaz resurslaridan oqilona foydalanilganida, metan zapravkalar 10 kun davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega bo‘lardi”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, aniqlangan barcha holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, nazorat organlariga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida 5,7 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan metan “zapravka”ga aloqador shaxslar tekshiruvga kelgan “O‘zenergoinspeksiya” xodimining mashinasiga giyohvand modda tashlab ketgani fosh etilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz o'g'irlandi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing