O‘zbekistonda havo ifloslanishini kuchaytirgan harorat inversiyasi 17 yanvargacha davom etadi
Jamiyat
−
08 yanvar 4111 2 daqiqa
O‘zbekistonda havo ifloslanishini kuchaytirgan harorat inversiyasi 16-17 yanvarga qadar saqlanishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov xabar berdi.
Qo‘mita vakiliga ko‘ra, ushbu hodisa kunduzgi va kechki havo haroratining ayrim hollarda 14 darajagacha keskin farq qilishi, tuman tushishi, shamol tezligini pasayishi natijasida ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosida tarqalishini qiyinlashtirmoqda.
Ta’kidlanishicha, maxsus komissiya o‘z faoliyatini to‘xtatgani yo‘q. Ekologik holat yuzasidan aholiga muntazam axborot berish bilan birga tegishli tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirmoqda.
Bildirilishicha, bugungi kunda Maxsus komissiyasining e’tibori sanoat va xo‘jalik ob’ektlarida ekologik reydlar va nazorat tadbirlariga qaratilgan.
Noqulay ob-havo sharoitida atmosfera havosiga antropogen, ya’ni insoniy faoliyatning yuklamasini kamaytirish uchun korxonalarning quvvatlari cheklanmoqda va ayrimlarining faoliyati to‘xtatilmoqda.
1-7 yanvar kunlari Toshkent shahridagi 12 ta va Toshkent viloyatidagi 22 ta ishlab chiqarish korxonasida tekshiruvlar o‘tkazilgan hamda choralar ko‘rilgan. Atmosfera havosini ifloslantirgan o‘nlab avtotransport vositalariga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan.
“Shu bilan birga, profilaktik choralar ham amalga oshirilmoqda: tashlama manbalari ustidan monitoring kuchaytirildi, atmosfera havosi sifati tezkor baholab borilmoqda”, deydi Qutbiddinov.
Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, noqulay meteorologik sharoitlar 16-17 yanvar sanasiga qadar saqlanishi kutilmoqda. Antitsiklonlar kelishi natijasida yog‘ingarchilik yog‘ishi va shamol tezligi oshishi bilan atmosfera havosi sifati normallashuvi kutilmoqda.
Harorat inversiyasi qisqa muddatli va oldindan prognoz qilinadigan meteorologik hodisa bo‘lib, bu davrda davlat tashkilotlari kuchaytirilgan rejimda ish olib boradi va ifloslanishni yumshatish uchun sinovdan o‘tgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, maxsus komissiya tomonidan ekologik reydlar va monitoring tadbirlari inversiya yakunlangach ham davom ettiriladi. Ko‘rilayotgan barcha choralar yuzaga kelgan xavflarni minimallashtirish hamda aholining ekologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 8 yanvar kuni soat 09:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahrining atmosfera havosidagi PM10 mayda dispersli zarrachalarning miqdori ruxsat etilgan me’yorlardan oshmagan. PM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 101 mkg/m3 ni tashkil etdi, ruxsat etilgan me’yorlardan (60 mkg/m3) 1,7 marta oshgan.
Live
Barchasi